12:00 (19.05.2026)
61
Temir moddasi inson organizmi uchun muhim mikroelementlardan biri bo‘lib, gemoglobin hosil bo‘lishi, to‘qimalarga kislorod yetkazib berish, immunitet va energiya almashinuvida muhim ahamiyatga ega.
Organizmdagi temir zaxirasi asosan ferritin ko‘rsatkichi orqali baholanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ferritin darajasining 12 mkg/l dan past bo‘lishi, 5 yoshdan katta bolalarda esa 15 mkg/l dan past bo‘lishi temir tanqisligini ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, 15–30 mkg/l oralig‘idagi natijalar “kulrang zona” hisoblanib, qo‘shimcha tahlil va shifokor bahosini talab qilishi mumkin. Amaliyotda kattalarda temir tanqisligini aniqlash uchun ko‘pincha 30 mkg/l dan past ko‘rsatkich mezon sifatida qo‘llanadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ferritin yallig‘lanish va infeksiyalarga juda sezgir. Shu sababli ayrim holatlarda uning normal ko‘rsatkichi ham organizmda temir yetishmasligi yo‘q degani emas. Tashxis qo‘yishda insonning yoshi, jinsi, shikoyatlari, surunkali kasalliklari va boshqa tahlil natijalari ham birgalikda baholanadi.
Temir tanqisligi aniqlanganda shifokor tavsiyasi bilan temir preparatlari qabul qilinishi mumkin. Davolashda ikki valentli temir preparatlari — sulfat yoki glyukonat shaklidagi vositalar samarali hisoblanadi. Uch valentli temir preparatlari ham klinik tavsiyalarda birinchi qator terapiyasi sifatida keng qo‘llaniladi.
Shuningdek, ratsionga temirga boy mahsulotlarni kiritish muhim: mol va tovuq jigari, go‘sht, tuxum, dengiz mahsulotlari, loviya va boshqa dukkakli mahsulotlar.
Temir saqlovchi biologik faol qo‘shimchalar (BAD) tarkibida faqat profilaktik, ya’ni oldini olishga mo‘ljallangan dozalar bo‘ladi, davolovchi miqdor emas. Ular dori vositalari kabi qat’iy sifat nazoratidan o‘tmaydi, shuning uchun temir tanqisligi anemiyasini mustaqil davolash uchun tavsiya etilmaydi.