17:00 (23.08.2024)

112

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qo‘lbola usulda tayyorlash va qadoqlashga mo‘ljallangan yashirin laboratoriya fosh qilindi

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, DXX va IIV vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar davomida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni respublikamizga olib kirish va tarqatish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

“Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali piyoda ravishda kirib kelgan yo‘lovchilardan birining qo‘l sumkasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda uning ichida go‘yoki kir yuvish poroshoklari deya ko‘rsatilgan, aslida esa jami 33 kg. og‘irlikdagi 11 dona qadoqda “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasiga o‘xshash modda yashirib qo‘yilgani aniqlandi.

Shundan so‘ng, tezkor-qidiruv tadbirlari poytaxtimizning “Oloy” bozori atrofida davom ettirilib, ushbu poroshoklarni qabul qilib oluvchi 2 nafar shaxslar ham qo‘lga olindi.

Tezkor tadbirning navbatdagi manzillari Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 2 ta xonadon bo‘ldi. Bu yerda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qo‘lbola usulda tayyorlash va qadoqlashga mo‘ljallangan yashirin laboratoriyalar tashkil qilingan bo‘lib, unda qiymati salkam 2,1 mlrd so‘mlik 56,5 kg.ga yaqin kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, 90 dona “Tropikamid”, 1020 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, 15 ming dona “Regapen” bo‘sh kapsulalari va 11 ming dona “Tropikamid”ning bo‘sh idishlari hamda 24 dona laboratoriya jihozlari borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar yakunida jami 7 mlrd 570 mln. so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va ularni tayyorlashda ishlatiladigan prekursorlar hamda laboratoriya jihozlari daliliy ashyo tariqasida olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech