08:55 (15.02.2024)
1119
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chinoz tuman boʼlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʼtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.S. 200 dona, fuqaro А.А. 40 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini jami 9,6 mln soʼmga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, I.S.ning “MATIZ” rusumli avtotransport vositasidan jami 112 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi hamda oq rangli kukunsimon “Mefedron” moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Olmaliq shahar boʼlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʼtkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan Sh.B. noqonuniy daromad orttirish maqsadida fuqaro B.S.ga 90 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, undan jami 100 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatda olingan.
Departamentning Yangiqoʼrgʼon tuman boʼlimi tomonidan oʼtkazilgan tezkor tadbirlarda “O.l.” MChJ va dorixonasi sotuvchisi R.J. fuqaro F.X.ga 10 dona “Tebantin” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotib, unga ushbu dori vositasidan yana 40 donasini olib kelib berishi evaziga 300 ming soʼmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Mirzo Ulugʼbek tuman boʼlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʼtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro X.X. fuqaro S. B.ga 25 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari oʼtkazilmoqda.