15:30 (20.08.2024)

397

Namanganda uyidagi yashirin sexda qalbaki dori ishlab chiqargan feldsher va uning sheriklari qamaldi

Joriy yilning 30-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Chortoq tuman tez tibbiy yordam feldsheri oʻzining yashash xonadonidan “Kobalt” rusumli avtomashinada chiqib ketayotgan vaqtida toʻxtatilgan.

Transport vositasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salonida hech qanday hujjatlari boʻlmagan 1000 dona “Zodak” dori vositasi borligi aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, feldsher ushbu dori vositalarini sotish maqsadida Andijon viloyatiga yubormoqchi boʻlgan. Shuningdek, uning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, dori vositalari ishlab chiqarish uchun moʻljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan 763 dona “Anaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori preparatlarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, plastik qopqoq va probkalar, dori qutilari va yoʻriqnomalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs dori vositalarini tayyorlash va saqlash uchun oʻzining 1977-y.t. opasini hamda 1974-y.t. qarindoshini jalb qilgan.

Tadbir davomida uning opasining yashash manzilidan ham 120 dona “Zodak”, 260 dona “Anaferon”, 96 dona “Xilak Forte” va 313 dona nomsiz flakonlarga soligan sirop holidagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, olib borilgan tergov jarayonida tez yordam feldsherini dori vositalari tayyorlashda kerak boʻladigan etiketka, flakon, qopqoq va probkalar, dori qutilari hamda yoʻriqnomalar bilan Andijon shahrida yashovchi, 1991-y.t. shaxs taʼminlab turganligi aniqlandi.

Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador boʻlgan Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi, 1986-y.t. fuqaroning yashash xonadonida oʻtkazilgan tintuv-tergov harakati davomida tez yordam feldsheridan sotib olingan, umumiy qiymati 27 mln. 646 ming 800 soʻmlik 150 dona “Zodak” va 146 dona “Xilak Forte” dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergov jarayonida qoʻlbola usulda tayyorlangan dori vositalarining oldi-sottisiga Chortoq tumanida yashovchi, 1994-y.t., tibbiyot yoʻnalishidagi davlat oliy taʼlim muassasasining talabasi ham aloqador ekanligi maʼlum boʻldi. Taʼkidlash lozimki, yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon va Qoʻqon shaharlarida sotuvga chiqarilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, Chortoq tuman tez tibbiy yordam feldsheri hamda uni xom-ashyo bilan taʼminlab turgan, Andijon shahrida yashovchi fuqaroga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qolgan 4 nafar shaxsning har biri 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan barcha dori vositalari esa tegishli tartibda yoʻq qilindi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech