08:47 (21.02.2024)
1593
Soʼnggi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʼlishiga qarshi kurashish borasida keng qamrovli tashkiliy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Shunga qaramasdan tahlillar shuni koʼrsatmoqdaki, ushbu yoʼnalishda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda ayrim muammolar mavjud.
Jumladan, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini Internet jahon axborot tarmogʼi orqali amalga oshirish, bunday vositalarni tarqatish va reklama qilishning yangi usullaridan foydalanish keskin ortmoqda.
Shunday usullardan biri «narkograffiti» usuli boʼlib, bunda noqonuniy tashkil etilgan internet-doʼkon manzili haqida maʼlumot devor va yoʼlaklarga chizish orqali tarqatilmoqda. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, jumladan ularni isteʼmol qilish bilan bogʼliq jinoyatlarga yoshlarni, ayniqsa voyaga yetmaganlarni jalb qilish ham koʼpayib bormoqda, shuningdek voyaga yetmaganlar oʼrtasida giyohvandlikka chalinganlar soni ortib bormoqda.
Internet jahon axborot tarmogʼi orqali giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar noqonuniy savdosining ortib borayotganligi va bunga qarshi kurashishning samarali tizimi mavjud emasligi fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʼlmoqda. Shuningdek, mazkur masalaga qaratilgan xabarlarning ommaviy axborot vositalaridagi tez-tez tarqalishi ommani tashvishga solmoqda.
Yuqoridagi holatlar giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida ishlarni jadallashtirish, barvaqt profilaktika chora-tadbirlari samaradorligini oshirishni talab etmoqda.
Shundan kelib chiqib, mazkur yoʼnalishda amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan asoslantirilgan javob olish maqsadida Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ichki ishlar vaziri P. Bobojonovga «Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʼlishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʼgʼrisida» parlament soʼrovi yuborildi.