17:00 (17.10.2025)
195
Mamlakatimizda aholini sifati, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika bilan taʼminlash maqsadida “Zarur dorixona amaliyoti” (GPP – good pharmacy practice) standarti ishlab chiqilgan.
Unga ko‘ra 2025-yil 1-yanvarga qadar farmatsevtika mahsulotlarini chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqli dorixonalar, 2026-yil 1-yanvarga qadar esa boshqa dorixonalar sertifikat olishi zarur. Sertifikat Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi “Zarur amaliyotlar markazi” DUK tomonidan beriladi. Bunda Markaz xodimlari dorixonalar faoliyatini joyiga chiqib tekshiradi, belgilangan talablarga javob bergan dorixonalarga 3 yil muddatga sertifikat beriladi.
Amaliyotda esa dorixonalar ushbu sertifikatni olish uchun 8,5 mln so‘mgacha majburiy to‘lov to‘lashga majbur bo‘lmoqda, har 9 oyda o‘tkaziladigan navbatdagi inspeksiya tekshiruvi uchun esa qo‘shimcha 3,2 mln so‘m to‘lov undirilmoqda.
Bu esa, jamoatchilik va tadbirkorlar orasida katta norozilikka sabab bo‘lmoqda. Jumladan, ko‘plab dorixona egalari buni qonun bilan belgilanmagan majburiy yig‘im sifatida baholamoqda.
Bundan tashqari, o‘tkazilayotgan tekshiruvlarda qo‘yilayotgan talablar litsenziya talablari bilan deyarli bir xil bo‘lib, ortiqcha byurokratik yuk va takrorlanuvchi nazorat choralarini keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlar dorixonalarda sanitariya va gigiyena talablarini taʼminlash bo‘yicha ortiqcha qog‘ozbozlik ko‘payganidan, xona haroratini aniqlovchi termometr uskunalarini har yili qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha ham qo‘shimcha to‘lovlar talab etilayotganidan o‘z noroziligini bildirmoqda.
Ortiqcha maʼmuriy yuk va majburiy yig‘imlar bilan bog‘liq bunday holatlarga o‘z vaqtida eʼtibor qaratilmasa, bu farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga va davlat organlariga bo‘lgan ishonch darajasiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Shuning uchun Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovga senator so‘rovi yubordi.
Senator ushbu Agentlik direktoridan GPP sertifikati uchun to‘lovlar qanday hisob-kitoblarga ko‘ra shakllantirilganligi, undirilgan to‘lovlar qayerga sarflanayotgani yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan.
Shuningdek, senator GPP sertifikati uchun majburiy to‘lov undirish buyrug‘i bekor qilinsa, GPP sertifikatini joriy qilish bo‘yicha kelgusida qanday choralar ko‘riladi hamda GPP sertifikatini olgan tadbirkorlardan undirilgan to‘lovlar taqdiri nima bo‘ladi, degan masalalarni ham qo‘ygan.