15:45 (19.05.2025)
553
Koreya ilg‘or texnologiyalar instituti (KAIST) olimlari ko‘z to‘r pardasidagi nerv hujayralarining tiklanishiga to‘sqinlik qiluvchi oqsilni aniqladi va uning faoliyatini bloklay oladigan dori vositasini ishlab chiqdi.
Tadqiqot natijalari “Nature Communications” jurnalida e’lon qilindi. Nashrga ko‘ra, ko‘z kasalliklari – glaukoma, yoshi ulg‘ayganlardagi makulyar degeneratsiya va qandli diabetga bog‘liq retinopatiya har yili millionlab odamlarga, ayniqsa ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishga eng moyil bo‘lgan keksalarga ta’sir qiladi. Oftalmologiyada istiqbolli yo‘nalishlardan biri bu ko‘zning o‘z hujayralarini tiklash orqali davolashdir. Biroq hozirgacha olimlar to‘r parda hujayralarining tabiiy regeneratsiya imkoniyatlarini faollashtirishda jiddiy to‘siqlarga duch kelayotgan bo‘lgan.
Tadqiqotda aniqlanishicha, asosiy to‘siq bu Prox1 oqsili bo‘lib, u to‘r pardadagi Myuller hujayralarining (glial hujayralarning o‘ziga xos turi) tiklovchi faolligini bloklaydi. Bu hujayralar ko‘zni himoya qilish va uning tuzilishini saqlab turishda, shuningdek, zararlanganda tiklanish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilan tanilgan.
Yangi yondashuvda Prox1 faoliyatini bostiruvchi antitana asosidagi dori qo‘llanilgan. Laboratoriya kalamushlarida o‘tkazilgan tajribalarda ushbu oqsilni bloklash orqali to‘r pardaning zararlangan to‘qimalarining tiklanishini faollashtirish mumkin bo‘lgani ko‘rsatilgan. Ijobiy tomonga o‘zgarish effekti kamida 6 oy davom etgani qayd etilgan.
“Mazkur dori vositasi zamonaviy tibbiyotdagi asosiy yo‘nalishlardan birining, ya’ni organizmning o‘zini tiklash mexanizmlarini faollashtirish harakatlarining bir qismidir. Hujayra ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) yoki lazer terapiyasidan farqli o‘laroq, bu usul tiklanish jarayonini ichkaridan ishga tushirishga imkon beradi, bu esa uni xavfsizroq va ko‘proq hollarda qo‘llashga yaroqli qiladi”, deyiladi maqolada.