17:30 (23.05.2024)
664
“Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-183-son, 21.05.2024-y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra, quyidagilar bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi sohasini rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi, jumladan:
- 2030-yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish;
- gemopoetik oʻzak hujayralari va suyak koʻmigi hujayralarini transplantatsiya qilishni rivojlantirish;
- bemor bolalarni zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz taʼminlash.
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazini Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (Markaz) etib qayta nomlandi.
Markaz huzurida Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi tashkil etildi.
2024-yil 1-iyuldan onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar belgilangan tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlarida, shuningdek, ular voyaga yetgunlariga qadar ushbu kasallik boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi.