12:40 (17.10.2025)
179
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida tarixan shakllangan yaqin doʻstona munosabatlar oʻz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga koʻtarilgan. Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot tufayli Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik hamda koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yoʻnalishlarda jadal ravnaq topmoqda.
Soʻnggi yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi yigirma besh foizga oʻsib, bir milliard dollarlik koʻrsatkichga yaqinlashdi. Investitsiya loyihalarining umumiy portfeli toʻrt milliard dollarga yetgan. Bu raqamlar oddiy statistika emas – ular ortida yangi ish oʻrinlari, mahalliy ishlab chiqarish, eksport salohiyati va raqobatbardosh mahsulotlar yotibdi.
Joriy yilning 2–3-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarbayjon Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri rahbarligida B2B va B2G formatlarida muzokaralar va ishbilarmonlik uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuvlarda “Dori-Darmon” AK tijorat direktori Ramil Abdulov faol ishtirok etib, Ozarbayjonning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari va “PASHA Investments” investitsiya xoldingi bilan samarali muzokaralar olib bordi.
Mazkur uchrashuv natijasi ularoq Ozarbayjonning "PASHA Investments" hamda "Avromed" kompaniyalari vakillari “Dori-Darmon”aksiyadorlik kompaniyasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda "Dori-Darmon" AK Boshqaruv Raisi A.Kamilov, kuzatuv kengashi raisi F.Abutoliyev, Boshqaruv raisi oʻrinbosarai U.Roʻziyeva,tijorat direktori R.Abdulov hamda rivojlantirish va investitsiya direktori A.Najmiddinov ishtirok etdi. Muzokaralar davomida farmatsevtika sohasini rivojlantirish, aholini sifatli dori-darmon vositalari bilan taʼminlash hamda investitsiyalarni ragʻbatlantirishga qaratilgan davlat siyosati toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi.
Alohida tarzda Oʻzbekistonning eng yirik farmatsevtik kompaniyalaridan hisoblangan “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining faoliyati yoritildi. Kompaniyaning respublikamiz boʻylab 14 ta hududiy filiali, 15 ta omborxonasi va 1800 ga yaqin dorixonalari, shu jumladan, shifoxonalar va poliklinikalarida joylashgan ijtimoiy ahamiyatga ega dorixonalari mavjud.
Ozarbayjon kompaniyalari vakillari Oʻzbekiston farmatsevtika bozori tuzilmasini oʻrganish, ishonchli hamkorlarni izlash va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Tomonlar oʻzaro muloqotni davom ettirish va qoʻshma investitsiya hamda logistika loyihalari boʻyicha aniq takliflarni tayyorlashga kelishib oldilar.
"PASHA Investments" — "PASHA Holding" tuzilmasida faoliyat yurituvchi kompaniya boʻlib, asosan Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyadagi kompaniyalarga investitsiyalar kiritishga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, xoldingning portfoliosida bank va moliya, sugʻurta, qurilish, turizm, texnologiyalar va koʻchmas mulkni rivojlantirish sohalari ham mavjud.
"Avromed" — Ozarbayjonda yetakchi dori-darmon mahsulotlari yetkazib beruvchi kompaniya boʻlib, dori vositalari, tibbiy uskunalar, BAD hamda shaxsiy gigiyena vositalari kabi keng turdagi mahsulotlarni taklif etadi. Kompaniya hududdagi ishlab chiqaruvchilar va dorixona tarmoqlari bilan sheriklik munosabatlarini faol rivojlantirib, sifat standartlari va yetkazib berish shaffofligini taʼminlaydi.
Ozarbayjon delegatsiyasining “Dori-Darmon”ga tashrifi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam boʻlib, qoʻshma korxonalar tashkil etish, farmatsevtika ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va Oʻzbekistonning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.