13:30 (23.10.2025)
278
International Journal of Cancer (Xalqaro saraton jurnali) nashrida chop etilgan so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, ibuprofen dori vositasini muntazam qabul qilish ayollarda endometrium (bachadonning shilliq qavati) saratoni rivojlanish xavfini kamaytirishi mumkin.
Tadqiqot AQShning PLCO dasturi doirasida o‘tkazilgan bo‘lib, unda 42 mingdan ziyod ayollarning 12 yil davomida sog‘lig‘i kuzatilgan. Ushbu davr mobaynida endometriya saratonining 678 ta holati qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oyiga kamida 30 ta ibuprofen tabletkasini qabul qilgan ayollarda endometrium saratoni xavfi ushbu dorini oyiga to‘rt martadan kam iste’mol qilganlarga qaraganda 25 foizga kam bo‘lgan. Ayniqsa, ta’sir yurak-qon tomir kasalliklariga ega bo‘lgan ayollar guruhida yaqqolroq namoyon bo‘lgan — ularda saraton rivojlanish ehtimoli deyarli yarim barobarga kamaygan.
Shu bilan birga, harakat mexanizmi o‘xshash bo‘lishiga qaramay, aspirin dorisi na umumiy, na alohida toifalarda bachadon saraton xavfiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan. Mutaxassislar bu farq ibuprofenning yallig‘lanishga qarshi ta’siri va endometrium gormonal muhitiga ta’siridagi o‘ziga xosliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Mualliflarning ta’kidlashicha, bu natijalar kuzatuvga asoslangan, shuning uchun ibuprofenni saraton profilaktikasi maqsadida o‘zboshimchalik bilan qabul qilish mutlaqo tavsiya etilmaydi.
Shu bilan birga, olingan natijalar kelgusida ayollarda onkologik xavflarni kamaytirishga qaratilgan xavfsiz va samarali yallig‘lanishga qarshi profilaktik usullarni ishlab chiqish borasida yangi ilmiy tadqiqotlar uchun poydevor yaratishi mumkin.