09:00 (15.11.2024)
708
Davlatimizning ijtimoiy siyosatida sog‘liqni saqlash sohasi katta o‘rin egallaydi. So‘nggi yetti yilda bu tizimga ajratilayotgan mablag‘lar 6 karra oshirilgan. Oldin faqat Toshkentda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar bugun viloyat va tumanlarda ham o‘tkazilayapti.
Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida onkologiya, endokrinologiya, kardiologiya markazlari hududlarda skrining tekshiruvlari olib borayapti. Masalan, 1 million 700 ming nafar ayol skrining qilinib, 49 mingida saraton oldi kasalliklari topilgan. Bu yil yarim yillikda 122 ming nafar aholida yurak qon-tomir va qandli diabet erta bosqichda aniqlangan.
Aholi salomatligini saqlash – uzluksiz jarayon. Sohadagi tahlil va talabdan kelib chiqib, muhim yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar tayyorlangan. Taqdimotda shular haqida so‘z bordi.
Ma’lumki, davolashdagi eng katta muammo – kasallikning kech yuzaga chiqishi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan Qashqadaryoda, tajriba tariqasida, onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga 2 million so‘mdan mukofot berish joriy qilindi. Natijada oilaviy shifokorlar o‘z mahallasidagi 51 nafar ayol va bolalarda shunday belgilarni aniqladi. Buning uchun 102 million so‘m mukofot puli berilib, kech bosqichda sarflanadigan 8 milliard so‘m mablag‘ tejalgan.
Tahlillarga ko‘ra, jami onkologik kasalliklarning o‘rtacha 20-25 foizi ayollardagi ko‘krak bezi va bachadon saratoniga to‘g‘ri keladi. Shu bois bu borada skrininglarni kengaytirish va ularning reyestrini yuritish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, gematologiya, kardiologiya, endkrinologiya kasalliklarini erta aniqlash va ularni davolash bo‘yicha uch yillik dasturlar bu yil yakuniga yetadi. Mutasaddilarga erishilgan natijalarni hisob-kitob qilib, ularning muddatini uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Tibbiyot muassasalariga markazlashgan holda dorilar xarid qilishda ham kamchiliklar bor. Ba’zi shifoxonalarda talabga nisbatan kam olingan bo‘lsa, ba’zilarida dorilar ortib qolgan.
Shu bois dori vositalari va tibbiy buyumlarni o‘n besh oylik talab asosida xarid qilish tizimi taklif etilmoqda. Bunda kelgusi yillar uchun ehtiyojlar 1 avgustdan kechikmasdan, Davlat byudjeti parametrlari bilan bir vaqtda shakllantiriladi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil qilinadi. Markazga 2025 yil 1 yanvardan boshlab, original dori vositalari va yopiq turdagi laborator uskunalar uchun sarflov vositalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.
Yana bir taklifga ko‘ra, donorlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni olganlarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz bo‘ladi.
Ushbu yangi tizim kelgusi yil 1 yanvardan joriy qilinishi belgilandi.
Mamlakatimizda sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotini xabardor qilish tartibini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.