15:17 (21.12.2022)
3499
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʼlim boshligʼi Dinara Doʼstmuhammedova javobi:
— Goʼdaklarda kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati (immunitet) ona qornidayoq shakllanadi. Bir yoshgacha boʼlgan kichkintoylarda esa immunitet ona suti orqali oʼtadi.
Ushbu tabiiy ozuqa tarkibida qator tirik ingredientlar, foydali bakteriyalar, ferment va gormonlar boʼlib, ular bola tanasining turli infektsiyalarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi. U bilan oziqlangan goʼdak shamollash, gripp, otit va yuqori nafas yoʼllari infektsiyalari hamda stomatit kabi xastaliklardan kamroq aziyat chekadi.
Shuningdek, tugʼilgandan soʼng bola organizmida turli infektsiyalarga qarshi immunitet profilaktik emlanish orqali ham hosil qilinadi.
3 yoshgacha goʼdaklar yiliga 4 martadan koʼp, 3 yoshdan yuqori bolalar esa yiliga 6 martadan ortiq respirator kasalliklar, yaʼni OʼRVI, gripp, bronxit bilan xastalansa, ular tez-tez shamollovchi bolalar guruhiga kiradi.
Bunday kichkintoylar doimiy ravishda shifokor nazoratida boʼlishi va kerakli muolajalarni olishi zarur.