17:44 (11.03.2024)

1039

Qaysi toifadagi bemorlarga roʼza tutish tavsiya etilmaydi?

Ramazon oyida notoʼgʼri ovqatlanish inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining taʼkidlashicha, roʼzadorlar sogʼlom ovqatlanish tavsiyalariga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos boʼlish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin. 

Iftorlik va saharlik oraligʼida koʼp miqdorda suv ichish tavsiya etiladi. Kunduzi havo harorati yuqori boʼlganda koʼp terlashni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bois kun davomida yoʼqotilgan suyuqlik oʼrnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa koʼproq suv ichish tavsiya etiladi.

Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu meʼyorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin dessert sifatida hoʼl mevalardan yeyish foydali.

“Аchiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv neʼmatlar hisoblanadi.

Shoʼrva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham isteʼmol qilish mumkin.

Tarkibida kofein mavjud boʼlgan mahsulotlar — kofe, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan maʼqul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishiga olib keladi.

Kun davomida juda doimiy harakat qilish organizmning koʼp miqdorda suv yoʼqotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Аmmo kun boʼyi harakatsiz oʼtirish ham tavsiya qilinmaydi.

“Ogʼizni yopish”dan oldin ovqat yeyish lozim. Saharlik paytida yengil taomlanish, ayniqsa, roʼza tutishni maqsad qilgan katta yoshdagi insonlar, oʼsmirlar, homilador ayollar, emizikli farzandi bor onalar hamda bolalar uchun juda muhim!

Yengil nonushta sifatida sabzavotlar, tarkibida uglevod boʼlgan donli nonlar yoki bulochkalar, sut mahsulotlari (tuzsiz pishloq, suzma, sut) yoki tuxum kabi oqsilga boy neʼmatlarni isteʼmol qilish foydali.

Аmmo shunday toifadagi bemorlar borki, roʼza tutish ularning salomatligi uchun xavfli boʼlishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, jarrohlik amaliyoti oʼtkazilishini talab qiluvchi va operatsiyadan keyingi davrda bemorlar roʼza tutishi maqsadga muvofiq emas.

Bundan tashqari, doimiy ravishda dori ichishi kerak boʼladigan yurak-qon tomir, buyrak va jigar xastaliklarining ogʼir koʼrinishlari hamda qandli diabetda ham ushbu amalni bajarish tavsiya etilmaydi.

Qolaversa, ogʼriq bilan kechadigan va ogʼriq qoldiruvchi dorilarni muntazam qabul qilishi talab qilinadigan, xususan, sil va onkologik kasalliklarining ayrim turlarida ham roʼza tutish mumkin emas.

Ular roʼza tutish niyatida boʼlsalar, avvalo, shifokor bilan maslahatlashishlari lozim.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech