15:00 (16.01.2024)
771
Prezident raisligida joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish boʼyicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʼilishi boʼlib oʼtmoqda.
–Toʼgʼri ishlayotgan, tushumlarini toʼliq koʼrsatib, soliqlarini oʼz vaqtida toʼlayotgan tadbirkorlar bir narsadan hotirjam boʼlsin. Bunday tadbirkorlarni biz har tomonlama qoʼllab-quvvatlashni davom ettiramiz,– dedi Prezident yigʼilishda.
Davlat rahbarining topshirigʼiga koʼra tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi ishlab chiqildi. Endi ular faoliyatiga soliqchilar baho bermaydi, ragʼbatlantirish choralari ham reyting asosida belgilanadi hamda bu tadbirkorlar kutayotgan adolatli yechim boʼladi.
Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun:
– barcha soliq tekshiruvlari bekor boʼladi;
– qoʼshilgan qiymat soligʼi summasi bir kunda tekshiruvlarsiz qaytarib beriladi (hozir 7 kundan 30 kungacha);
– boshqa soliq turlari boʼyicha ortiqcha toʼlov summasi uch kunda qaytarib beriladi (hozir 15 ish kunida);
– tovarlarni import qilishda va sotishda qoʼshilgan qiymat soligʼini bojxona va soliq organlarida oʼzaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;
– tumanlarda auktsionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini boʼlib toʼlash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi.
Har bir tadbirkor real vaqt rejimida oʼz oʼrni va bahosini bilib boradi.
Savdo-sanoat palatasiga oʼz saytida reyting natijalarini onlayn eʼlon qilib, tadbirkorlar soʼrovlariga tezkor javob berib borish zarurligi koʼrsatib oʼtildi.