10:00 (06.04.2026)
27
Maʼlumki, dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirish holatlari boʻyicha huquqbuzarlik Soliq organi tizimida aniqlanib, Raqobat qoʻmitasining “Fair tech” yagona axborot tizimiga xabar yuborish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi 2025-2026-yillarda qoʻmitaning “Fair tech” yagona axborot tizimiga kelib tushgan xabarlarga ketma-ketlikda belgilangan tartibda choralar koʻrilayotganini maʼlum qildi.
Jumladan, 991 ta dorixonada (152 ta ulgurji va 839 ta chakana) 414 305 ta holatda 8,5 mlrd soʻm miqdorida asossiz daromad olinganligi aniqlanib, isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan. Bundan tashqari, litsenziya talablarini buzilishi boʻyicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga taqdim etilgan.
Maʼlumot uchun, 2025-2026-yillarda “Farm effekt” MCHJ, “Pharma brend” MCHJ, “Gipofiz farm” MCHJ “Maxsudbek biznes” XQ, “The great farm” MCHJ hamda “Medex group pharm” MCHJlarning litsenziyalari dori vositalari narxlarini oshirilgani uchun bekor qilingan.
“Mazkur yoʻnalishdagi ishlar davom ettirilib, qonunchilik talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan dorixonalarga nisbatan chora koʻrish davom ettirilishi va ularning roʻyxati ochiq tarzda eʼlon qilib borilishini maʼlum qilamiz”, — deyiladi Raqobat qoʻmitasi xabarida.