09:00 (03.04.2024)
1248
Sogʼliqni saqlash vazirligida Аsilbek Xudayarov va Rossiya Federatsiyasining Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari — bosh davlat sanitariya shifokori Аnna Popova oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida “Rospotrebnadzor” tomonidan III avlod indikator va monitoring mobil laboratoriyasi taqdim etildi. Ushbu zamonaviy laboratoriya bakterial va virusli oʼta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi tezkor choralar koʼrish, epidemiologik tekshiruvni amalga oshirish, jumladan, biologik material yoki bevosita infektsiya oʼchogʼidagi atrof-muhit obʼektlarining oʼziga xos koʼrsatkichlarini yigʼish hamda namunalar olishga moʼljallangan.
Laboratoriyadan favqulodda vaziyatlarda yuqumli kasalliklarning tabiiy oʼchoqlariga kirib borib, epidemiologik va epizootologik monitoring oʼtkazishda foydalanish mumkin. Unda diagnostik tadqiqotlar PZR, Immunoferment tahlili (IFА), Immunoxromatografik tahlil (IXА), fluorestik antitanalar usuli (MFА) yordamida amalga oshiriladi.
Zamonaviy avtolaboratoriya biologik xavfsizlikni taʼminlash vositalari, xususan, havo toʼlqinini nazorat qiluvchi tizim, III avlod mikrobiologik xavfsizlik va PZR bokslari, shaxsiy himoya vositalarini yechish uchun izolyatsiya qilingan xona, masofadan turib boshqariluvchi ulьtrabinafsha dezinfektsiya tizimi, materialning laboratoriyaga kiritilishi uchun shlyuz-kamerasi bilan jihozlangan.