12:45 (03.03.2025)
309
Rossiyaning Ural federal universiteti (UrFU) olimlari qon tahlili orqali saratonni erta bosqichda aniqlashga yordam beradigan yangi test-tizimni ishlab chiqdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
UrFU ilmiy kommunikatsiya bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, test-tizim tibbiy ko‘rik paytida yoki mustaqil ravishda tahlil topshirish orqali qo‘llanishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu yangi test-tizim molekulyar markerlarni tahlil qilish orqali yuqori aniqlikka ega bo‘lib, mavjud analoglardan ustun hisoblanadi.
Olimlar tomonidan taklif etilgan yechim qon tarkibidagi metabolik biomarkerlarning o‘zgarishini aniqlaydi. Ayni vaqtda u prostata saratonini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha sinovdan o‘tmoqda. Universitet vakillarining ta’kidlashicha, gastronomik va o‘pka kasalliklarini tashxislashda qo‘llanadigan gaz xromatografiyasiga asoslangan test-tizim mavjud, biroq u saratonning dastlabki bosqichlarini aniqlashga qodir emas.
Tadqiqotchilar kelajakda tizimni boshqa turdagi saraton kasalliklariga ham moslashtirish, kasallikning bosqichlari va agressivligini aniq belgilash hamda 2027-yilgacha bozorda taqdim etishni rejalashtirmoqda.