09:00 (18.06.2025)
1009
1949 y.t. fuqaro va uning 1979 y.t. oʼgʼlini Olmazor tumanidagi yashash manzili koʼzdan kechirilganda, xonadon yertoʼlasida umumiy qiymati 1 mlrd soʼmdan ortiqni tashkil etuvchi “Trenaksa”, “Sumamigren”, “Femileks” kabi jami 72 nomdagi 3615 quti dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi, deya xabar bermoqda DXX.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ota-bolalar mamlakatimizga noqonuniy olib kelingan bunday dori vositalarini muntazam ravishda vodiy viloyatlaridan arzon narxda xarid qilib, poytaxtdagi mijozlarga sotish bilan shugʼullanishgan.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga koʼra, ushbu dori vositalari davlat reestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan hamda ularni maxsus sharoitlarda saqlashning belgilangan qoidalariga amal qilinmagan. Shu sababli mazkur dori vositalarini yurtimizda saqlash, sotish, tashish va tibbiyotda qoʼllash taqiqlanadi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25 orqali 186 prim 3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur yoʼnalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab kelinayotgan, shubha uygʼotuvchi 456 turdagi 57407 dona dori vositalari, 18 turdagi 835 dona dori vositalarining yasama boʼsh qutilari hamda 1 dona dori tayyorlash moslamasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mutaxassislarning xulosasiga koʼra, dori vositalarning umumiy qiymati 3,5 mlrd soʼmni tashkil qiladi.
Shuningdek, ushbu dori vositalarining 160 turdagisi davlat reestrida qayd etilmaganligi, 274 turdagisiga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmaganligi, 50 turdagisi sifatsiz, yaroqlilik muddati oʼtgan hamda 7 turdagisi esa qalbakilashtirilganligi maʼlum boʼldi.
Holat yuzasidan dorixona mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.