11:44 (19.12.2024)

825

Tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsulotlari ushlab qolindi

Poytaxt aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan va bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan biri yo‘l sumkasida 2 turdagi 49 dona “Zerofit” yozuvli paketchali kofelarni olib kirishga uringani aniqlandi.

“Toshkent–AERO” IBKning Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘basi xodimlari tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa oldindan tezkor kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5760 dona “Keta” nomli ozdiruvchi qahva mahsulotlari borligi aniqlandi.

Har ikkala holatda olib qo‘yilgan qahva mahsulotlari Markaziy bojxona laboratoriyasida bojxona ekspertizasidan o‘tkazilganida, ularning tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi. Hozirda har ikki holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “sibutramin” Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-oktyabrdagi 632-son qarori bilan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan hamda respublikamiz hududida muomalasi cheklangan.

Ushbu qarorga binoan tarkibida sibutramin, shuningdek, o‘xshash psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan uning strukturaviy analoglari 2025-yil 1-yanvardan faqat giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizatsiya qilinadi (sotiladi).

"Sibutramin"ning 0,5 grammi jinoiy harakatni tasniflashda ko‘p miqdor hisoblanadi

Eslatib o‘tamiz, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech