09:01 (07.11.2023)
1381
Dilorom Tursunova,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi boʼlim boshligʼi:
— Gripp — “oyoqda oʼtkaziladigan” kasallik emas! Uni oddiy shamollash deb oʼylab, oʼzboshimchalik bilan davolanish ham notoʼgʼri. Chunki bu xastalikning oʼzidan koʼra asoratlari koʼproq xavfli.
Negaki, gripp virusi qon tomirlari devorlarining kasalliklarga nisbatan himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Shu sababli infektsiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga yetib borib, yalligʼlanish oʼchoqlarini hosil qiladi.
Oqibatda u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yoʼllarining ikkilamchi bakterial infektsiyalari, asab va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, ushbu darddan oʼz vaqtida davolanmaslik oʼlim holatlariga ham sabab boʼlishi mumkin.
Bu borada Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining tahliliy hisoboti bor. Unga koʼra, dunyo boʼyicha yiliga 650 ming nafarga yaqin inson mavsumiy grippdan vafot etadi. Qolaversa, ushbu virus turli surunkali kasalliklarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishi bilan xavfli.
Mana, hozir barcha yoshdagi insonlar, ayniqsa bolalar va oʼsmirlar orasida gripp virusi koʼp uchraydigan mavsum. Koʼtarilish davri odatda noyabrь oyidan boshlanib, mart oyigacha davom etadi.
Mutaxassis sifatida bunday paytda xastalikdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanishni tavsiya etamiz. Bu — eng samarali va katta sarf-xarajat talab etmaydigan usul.
Qolaversa, vaktsina xavfsiz va yuqori taʼsirga ega boʼlib, yillik kasallanish va oʼlim holatlarini yetarlicha kamaytiradi. Yaʼni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizni tashkil etadi.
Mavsumiy grippga qarshi vaktsina organizmda 15 kun ichida grippga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Taʼsir kuchi 1 yilga yetadi.
Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga koʼra vaktsinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Yaʼni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yoʼllari yalligʼlanishi kabi kasalliklardan tamoman sogʼlom boʼlishi kerak.
Shuningdek, vaktsina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik taʼsirchanlik darajasi ham tekshiriladi.
JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha boʼlgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi.
Hozir yurtimizda grippga qarshi emlash ishlari qizgʼin davom ettirilmoqda.