23-noyabr kuni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Toshkent shahrida o‘tkir virusli infeksiyalar bilan kasallangan bemorlarni davolash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi kuz-qish mavsumi odatda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi, deya ta’kidladi vazirlik.
“Shu bois butun dunyoda bo‘lgani kabi bu yil ham yurtimizda yosh o‘g‘il-qizlar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Ushbu xastalikka chalinishning asosiy ulushi esa Toshkent shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar yilning boshqa davrlariga nisbatan ortgani kuzatilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik mavsumiy yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashni tashkil etish hamda ularning tarqalishining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Toshkent shahridagi barcha klinik shifoxonalar rahbarlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari hamda tez tibbiy yordam xizmati mas’ullari bilan birgalikda bolalar klinik shifoxonalaridagi vaziyat va bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Vazir shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarni tezda kamaytirish, bemor bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur choralar ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga shoshilinch topshiriqlar berdi. Jumladan, “Zangiota-1” yuqumli kasalliklar shifoxonasida O‘RVIga chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish belgilandi.
Shuningdek, so‘nggi kunlarda aholidan harorat ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli 103 xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo‘lgan 40 ta avtomashina qo‘shimcha ajratildi.
Bundan tashqari, 25-noyabrdan vazirlik tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 29 ta to‘liq jihozlangan Isuzu avtomashinalari tibbiy brigadalar bilan doimiy foydalanish uchun ajratilishi aytib o‘tildi.
Poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 72 ta oilaviy poliklinikada ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha chaqiruv bo‘yicha tibbiy brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur brigadalar 103 xizmati xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, uyda qoldirilgan yoki shifxonaga yotqizilmasdan uyga qayta olib kelingan va ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlar ro‘yxati aniqlanib, ko‘rsatma asosida onlayn va joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.
“Bundan tashqari, o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda yurtimizda O‘RVI kasalligiga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning ma’lum qismi statsionar davoga muhtoj emas. Shu sababli yig‘ilishda oilaviy polikliklinika shifokorlariga o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berish uchun ixtisoslashtirilgan markazlardagi pediatrlar va barcha tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi lozimligi qayd etildi”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.
Vazir, shuningdek, birlamchi tibbiy yordamning kunduzgi statsionarlarida bemor bolalarni nazorat qilish, zarurat tug‘ilganda, ularda davolash muolajalarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.