08:50 (13.12.2024)
598
Xabaringiz bor, mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizim yaratilgan.
Bunda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ushbu hujjatda ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalarining har yili qayta tasdiqlanishi va komissiya tarkibining kamida 20 foizi yangilanib borishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining joriy yil 3-dekabrdagi tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Mazkur buyruqqa asosan 2025-yil uchun Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi huzuridagi vrachlar va farmatsevtlarga malaka toifasini berish bo‘yicha appelyatsiya va ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.
Bu hujjat bilan qanday vazifalarni amalga oshirish belgilangani haqida Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori Sanjar SHARIPOV quyidagilarni ma’lum qildi:
— Vrachlar va farmatsevtlarga malaka toifasini berish bo‘yicha appelyatsiya komissiyasi va jami 38 ta tibbiy yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.
Ushbu attestatsiyalarni ZOOM dasturi orqali onlayn tarzda o‘tkazish tartiblari ham tasdiqlandi.
Mazkur buyruqda malaka toifasini berish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari raislari va a’zolari attestatsiyalarni o‘z vaqtida hamda belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tkazilishida shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yildi.
ZOOM dasturi orqali og‘zaki imtihon (suhbat) o‘tkazish Toshkent shahri hamda viloyati uchun Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish markazi binosida, zarur qurilmalar bilan jihozlangan xonalarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi mutaxassislar uchun markazning hududlardagi ana shunday xonalarida o‘tkazilishi belgilandi.
Imtihon jarayonida talabgor uchun "Random" dasturi orqali tasodifiy tarzda bilet tanlanadi.
Biletlar 5 ta savoldan iborat bo‘lib, ularga javob berish uchun ko‘pi bilan 15 daqiqa vaqt beriladi va 10 ballik tizimda baholanadi.
Imtihon yakunida “Random” dasturi umumiy ballarning o‘rtacha qiymatini hisoblab beradi va o‘sha zahoti e’lon qiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu jarayonlarni tashkil etishda texnik va dasturiy vositalar uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga zarur vazifalar yuklatildi.