17:04 (13.04.2024)

819

Sumalak sayli oʻtkazildi

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasida sumalak sayli oʻtkazildi.

Sumalak saylining bayram sifatida shakllanganligi haqida turli rivoyatlar bor. Shulardan biri: dehqon olib qoʻygan oxirgi donini tezroq ekish uchun yaxshi niyatlar bilan oldinroq ivitib qoʻyadi. Lekin birdan ob-havo buziladi. Bugʻdoy idishda nish urib oʻsa boshlaydi, ob-havo yaxshilanavermaydi. Dehqon oila aʼzolari och turgan paytda bugʻdoyni butunlay nobud qilmaslik choralarini izlay boshlaydi. U tavakkal qilib nish urgan va ancha boʻy koʻtargan donni qiymalaydi va xotiniga bundan taom pishirishni buyuradi. Uy bekasi uni uzoq vaqt qaynatadi. Qarangki, oqkoʻngil dehqonning niyati xolis chiqadi. Undan hidi yoqimli, oʻzi toʻyimli, mazasi esa tanovul qilgan kishining uzoq vakt esida qoladigan darajadagi shirin taom hosil boʻladi. Bu taom borgan sari xalq oʻrtasida keng tarqalib, bahorning eng lazzatli taomiga aylanadi.

Sumalak sayli qadimdan kishilarda birdamlik, ahillik hissini tarbiyalab kelgan. “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi rahbariyati boshchiligida ahil va quvnoq jamoamiz tomonidan har yilgidan istisno boʻlmagan holda, Markaziy omborxona hududida sumalak sayli oʻtkazildi, bahorning  shoh taomi sumalak pishirildi.

24 soatda tayyor boʻladigan sumalak albatta oqshom bilan doshqozon boshida boʻlishni talab qiladi. Kompaniya xodimlari ham tuni bilan vaqtni unumli oʻtkazish uchun bir-biridan zavqli milliy oʻyinlarni tashkil etdi. Sumalak saylining jajji mehmonlari varrak uchirishda, kompaniyamiz yigitlari shaxmat-shashkada, goʻzal xodimalarimiz esa raqsda bellashishdi. Oʻlanlar, laparlar aytildi. Bir insonga qirq hunar ham oz degan naqlga amal qilganlar doirayu rubobda mahoratlarini koʻrsatishdi.

Bugun 13-aprel kuni sumalak tayyor boʻlgach, kompaniya rahbariyati   jamoa bilan bir dasturxon atrofida yigʻildi. Osh tarqatildi. Qurʼon tilovat qilinib,  kompaniya rivojiga hissa qoʻshgan,  oʻzidan iz qoldirib ketgan ustozlar, xodimlar bir-bir yodga olindi.

Bunday bayramlar, tadbirlar jamoani yanada birlashtiradi, hamjihatlikda ishlashga, bir-birini qoʻllab-quvvatlashga oʻrgatadi. Bu bayram ham xodimlar qalbiga unutilmas shirin xotiralarni muhrlab qoʻydi. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech