10:38 (08.02.2023)
2615
“2022–2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʼgʼrisida”gi Prezident farmoni loyihasiga muvofiq, aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan taʼminlash maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:
▫️ 2023 yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish;
▫️ vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalar berilishini bosqichma-bosqich elektron shaklga oʼtkazish.
Bunda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalar:
➖ Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida – 2023 yil 1 iyuldan;
➖ Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida – 2023 yil 1 oktyabrdan;
➖ respublikaning boshqa hududlarida – 2024 yil 1 yanvardan elektron shaklga oʼtkaziladi.
Shunga koʼra, 2024 yil 1 yanvardan tibbiy maʼlumotnomalarni qogʼoz shaklda talab qilish taqiqlanadi.
2023 yil 1 iyuldan Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari joriy etiladi.
Аholi orasida sogʼlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida “Toʼgʼri ovqatlanish va sogʼlom turmush tarzi” umummilliy harakati yoʼlga qoʼyiladi.
Harakat doirasida aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida oʼz sogʼligʼi va ovqatlanishini nazorat qilishni oʼrgatish, toʼgʼri ovqatlanish boʼyicha mobil ilova yaratish nazarda tutilgan.
Ushbu havola orqali Farmon loyihasi muhokamasida faol ishtirok eting: https://regulation.gov.uz/oz/d/76071