14:44 (08.01.2024)
804
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tuman boʻlimi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “Fargʻona-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda, muqaddam sudlangan L.T. va fuqaro O.I. noqonuniy daromad orttirish maqsadida 2 800 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini Toshkent shahrida oʻtkazish maqsadida olib kelayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Fargʻona yoʻli koʻchasida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.X.ning yonidan 38 dona “Tropikamid” va “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Shayxontohur tuman boʻlimi tomonidan DXX va IIBB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, “Xadra” MFY hududida harakatlanib kelayotgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda, muqaddam sudlangan U.A. va fuqaro B.S.dan jami 32 dona “Tropikamid” va “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Eslatib oʻtamiz: kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini chakana realizatsiyasi faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish faoliyatiga litsenziyasi mavjud boʻlgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.