09:00 (27.08.2025)

78

Toshkent shahrida noqonuniy sexda ishlab chiqarilgan qalbaki dori vositalari dorixonalar orqali sotuvga chiqarilgan

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJga tegishli manzilda tashkil etilgan yashirin sexda qonunga xilof tarzda qalbaki dori vositalari tayyorlanishi va shahar dorixonalari orqali sotilishi maʼlum boʻldi.

Tekshiruv davomida ushbu manzildan jami 11 dona dori ishlab chiqarish stanoklari, 21 dona dori tayyorlashda kerak boʻladigan qoliplar hamda umumiy ogʻirligi 389 kg boʻlgan kukun va tabletkalar, “Raikal” nomli pnevmatik qurol va boshqa narsalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, MCHJga tegishli ikkinchi manzilda ham yashirin sex mavjud boʻlib, undan dori vositalari ishlab chiqarishda foydalaniladigan qolip va uskunalar, boʻsh dori kapsulalari, qutilari, yoʻriqnomalar, kukun koʻrinishidagi xom-ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi” DM ekspertiza xulosasiga koʻra, yashirin sexda “Ursosan 250 mg”, “Neyromidin 20 mg”, “Fanigan” dori vositalari qalbakilashtirilgan.

Tadbir mantiqiy davom ettirilib, mazkur sexda ishlab chiqarilayotgan dorilarni sotish bilan shugʻullanuvchi va “Fanigan” dori vositasini qalbakilashtirish boʻyicha buyurtma berib, 130 kg ushbu dorining substansiyalarini keltirib bergan shaxsning dorixonasi ham koʻzdan kechirildi.

Natijada, ushbu dorixonadan “Fanigan”, “Azimak”, “Siprolet” kabi 15 turdagi 1.067 quti qalbaki hamda 14 turdagi 274 quti yaroqlilik muddati oʻtgan dorilar aniqlandi.

Hozirda noqonuniy sex tashkilotchilarining 3 nafariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech