08:46 (06.05.2025)
64
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilgpn tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahrida yashovchi, 1984 y.t. shaxs tomonidan ijara asosida olingan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u nafaqat qalbaki dori-vosititalarni ishlab chiqarish, balki uning noqonuniy savdosi bilan ham shug‘ulangani aniqlandi.
Dori vositalarini tayyorlashga mo‘ljallangan yashirin sexda tegishli hujjatlari bo‘lmagan va xavfsizligi kafolatlanmagan 49 nomdagi 594 127 dona “Futsis”, “Prosulpin”, “Ursosan”, “Arbidol” va boshqa dori vositalari topildi. Ta’kidlash lozimki, bu dorilar 50 ta asbob-uskunalar, hususan stanok va qoliplar yordamida qo‘lbola usulda tayyorlab kelingan. Shuningdek, bu yerda sifat talablariga javob bermaydigan 168 kg dori vositalarining homashyolari, etiketlari, yo‘riqnomalar, qog‘oz qutilar, bo‘sh idishlar hamda kapsulalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ushbu shaxsning Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 2 turdagi 28 640 dona tibbiyot dori vositalari, 2 turdagi 75 dona ampula, 2 turdagi 46 dona idishda suyuqlik, 3 nomdagi 26 ta turli dori vositalarining etiketkalari, nomsiz 18 280 dona suppozitoriylar va ularning markalari, 1 nomdagi 40 dona kapsula, shu bilan birga, turli xil nomdagi dori vositalarining bo‘sh qutilari hamda 3 dona temir qoliplar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, yashirin sex tashkilotchisi dori vositalarini tayyorlash uchun kerakli xomashyolarni internet tarmog‘i orqali noma’lum shaxslardan buyurtma orqali sotib olgani aniqlandi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur dori vositalari va asbob uskunalarning umumiy qiymati qariyb 10 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Ta’kidlash lozimki, qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan dori vositalari Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi bir nechta dorixonalarga tarqatilgan bo‘lib, davom ettirilgan faol tadbirlar natijasida mazkur dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi.
Hozirda sex tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3 moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirda esa, Toshkent shahrida yashovchi, 1992 y.t. shaxs va uning sherigi, poytaxtdagi banklardan birining 1996 y.t. xodimi o‘zaro kelishgan holda Xitoy davlatidan olib kelingan 798 ta qutidagi 574 560 dona infuzion sistema tibbiy buyumlarini 55 ming 700 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tegishli xulosaga ko‘ra, umumiy qiymati 1 mlrd so‘mni tashkil qilgan mazkur tibbiy buyumlar foydalanishga yaroqsiz hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.
Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3 moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.