08:45 (11.06.2025)

137

Tovarlarni markirovkalashda yangi tartiblar: muhim 5 savolga javob

Tadbirkorlar olgan markirovka kodlarini mahsulotlarga qo‘llash uchun belgilangan 90 kalendar kunlik muddatni bekor qilindi.

Shuningdek, foydalanilmagan markirovka kodlari uchun qilingan to‘lovlar yangi markirovka kodlarini sotib olishda hisobga olinadi.

O‘zbekistonda raqamli markirovka jarayonlari yangi bosqichga chiqmoqda. Prezident qarori bilan (PQ-190-son, 23.05.2025 y.) tovarlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimida muhim o‘zgarishlar kiritildi. Yangi tartiblar tadbirkorlar uchun qanday imkoniyat va majburiyatlarni taqdim etadi? Qoidabuzarliklar qanday jazolanadi?

1. Markirovka kodlarini mahsulotlarga qo‘llash va to‘lov tartibi qanday o‘zgardi?

Tadbirkorlar olgan markirovka kodlarini mahsulotlarga qo‘llash uchun belgilangan 90 kalendar kunlik muddatni bekor qilindi. Shuningdek, foydalanilmagan markirovka kodlari uchun qilingan to‘lovlar yangi markirovka kodlarini sotib olishda hisobga olinadi.

Markirovka kodlari mahsulotga bevosita qo‘llangandan keyin ular uchun to‘lovni amalga oshiriladi. Ya’ni, avval kodni mahsulotga qo‘yasiz, keyingina to‘lov qilib, ishni rasmiylashtirasiz.

Raqamli markirovkalangan mahsulotlarni agregatsiyalashda qo‘llanadigan markirovka kodlari bepul beriladi.

Markirovka bo‘yicha tadbirkorarning murojaatlarini tezkor hal etish maqsadida 24 soat ishlaydigan “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2. 2025-yil 1-iyuldan qaysi talablar kuchga kiradi?

2025-yil 1-iyuldan import qiluvchi tashkilot tomonidan O‘zbekistonga olib kirilgan dori vositalarini sotish to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki rasmiy dilerlar orqali elektron hisobvaraq-faktura asosida amalga oshiriladi.

Raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tashkil etiladi.

Inspeksiya raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasining barcha bosqichlarida tizimli nazoratni ta’minlaydi.

Majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlar turini bosqichma-bosqich kengaytirib boradi.

Shuningdek majburiy raqamli markirovkalash tizimi talablari buzilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika va tushuntirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ogohlantirish tizimini qo‘llaydi.

3. Qoidabuzarlik holatlarida qanday choralar ko‘riladi?

2025-yil 1-sentyabrdan xavfni tahlil qilish tizimida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq xavfi darajasini yuqori deb baholash uchun asos bo‘ladi.

Majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni realizatsiya qilishda markirovka kodi biriktirilmagan elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

4. Markirovkalash bo‘yicha soliq tekshiruvi qanday ishlaydi?

2026-yil 1-yanvardan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlarini soliq organi axborot tizimi orqali aniqlash bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Buning uchun tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma olish talab etilmaydi.

Majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari aniqlanganda qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ogohlantirish beriladi.

Ikkinchi marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qoidabuzarlik holatlari aniqlanganda jarima qo‘llanadi.

Jarima qo‘llanilgan tadbirkorga bir yil qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining o‘rni qoplanmaydi.

5. Farmatsevtika sohasida qanday litsenziyalash talablari kuchaytirildi?

2025-yil 1-sentyabrdan farmatsevtika faoliyatini hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash talablariga quyidagi qo‘shimcha shartlar kiritiladi:

litsenziya berishda faoliyatini boshlash uchun ko‘chmas mulk bo‘yicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi;

xaridorlardan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha elektron to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratilganligi;

soliq tekshiruvlarida hujjatsiz (ya’ni kontrafakt) yoki markirovka qilinmagan dori vositalarini sotib olish, tashish, saqlash yoki sotish holatlari aniqlansa, soliq organlari bu haqda litsenziya bergan organga ma’lumot beradi. Shu asosda, dori vositalari bilan shug‘ullanuvchi subyektning litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech