11:00 (23.05.2025)
255
“Sogʼliqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ-185-son, 19.05.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʼra, 2025 yil 1 iyuldan 15 ta tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modelini (Tajriba-sinov loyihasi) joriy etish doirasida sogʼliqni saqlash tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tubdan qayta koʼrib chiqish orqali oilaviy poliklinikalarda koʼrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;
- tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ular mehnatiga munosib haq toʼlash tizimini joriy qilish.
Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish maqsadida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sogʼliqni saqlash boʼlimlari tashkil etiladi. Quyidagilar tuman (shahar) sogʼliqni saqlash boʼlimlarining asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:
- koʼp tarmoqli markaziy poliklinikalarni markaziy shifoxonalarning maslahat-diagnostika boʼlinmalariga aylantirish;
- tibbiyot xodimlari faoliyatini tasdiqlangan mehnat samaradorligi koʼrsatkichlari boʼyicha nazorat qilish hamda natijalar asosida ularni ragʼbatlantirish.
2025 yil 15 iyungacha Tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda, 2025 yil yakunigacha qolgan hududlarda aholi “Elektron sogʼliqni saqlash” axborot tizimida roʼyxatdan oʼtkaziladi hamda tibbiyot brigadalariga biriktiriladi.
Shuningdek, “Tibbiyotda 90 kunlik oʼzgarishlar” dasturi ishlab chiqilgan boʼlib, 2025 yil 1 iyundan Dastur doirasida qisqa muddatda tibbiyot muassasalarida aholi uchun qulay sharoitlar maqsadida quyidagilar yoʼlga qoʼyiladi, jumladan:
- tibbiyot muassasalarida kutish zallari tashkil qilinib, oʼrindiqlar bilan taʼminlanadi;
- aholi, bemorlar, nogironlar harakatlanishi uchun qulayliklar yaratiladi;
- “Ona va bola” xonalari tashkil qilinadi, xonalar va yoʼlaklar tejamkor zamonaviy yoritish qurilmalari bilan jihozlanadi.