12:00 (10.06.2025)

79

O‘zbekiston va Shvetsiya sog‘liqni saqlash va farmakologiya sohasida hamkorlikni rivojlantiradi

Toshkent shahrida “Oʻzbekiston – Shvetsiya: onkologik yordam sohasida hamkorlik va tajriba almashish” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. Mazkur tadbir IV Xalqaro farmatsevtika forumi doirasida gibrid formatda oʻtkazilgan tadbir Oʻzbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi va Toshkentdagi Shvetsiya Savdo va investitsiyalar kengashi hamkorligida tashkil etilgan.

Tadbirda ikki mamlakatning yetakchi ekspert va mutaxassislari, jumladan, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzfarmsanoat” uyushmasi, Karolina instituti, Shvetsiya dori-darmon agentligi, “AstraZeneca”, “Vision Zero Cancer” va boshqa kompaniyalar mutasaddilari ishtirok etgan.

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov anjuman ishtirokchilariga tabrik yoʻllagan. Tadbir doirasida ikki mamlakat sogʻliqni saqlash va farmatsevtika tizimlarini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar boʻyicha taqdimot oʻtkazilgan.

Muhokamalarda onkologiya va farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari, yangi loyihalarni ishlab chiqish, tajriba almashish va qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish masalalari koʻrib chiqilgan. Shuningdek, erta tashxis qoʻyish, davolashning innovatsion usullarini joriy etish, skrining tizimini rivojlantirish va onkologik yordam sifatini oshirish masalalariga eʼtibor qaratilgan.

“Ushbu davra suhbati tibbiyot sohasida Oʻzbekiston-Shvetsiya hamkorligini mustahkamlash va onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar uchun tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi”, — deyiladi xabarda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech