09:49 (19.05.2025)

535

O‘zbekiston 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasini qabul qildi

O‘zbekistonda "O‘zbekiston-2030" strategiyasi, Bolalar saratoni bo‘yicha global tashabbus (GICC), Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida JSST, YUNISEF, Vena xalqaro tibbiyot universiteti va boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Ushbu voqea bolalar saratoniga qarshi kurashda yangi bosqichni boshlab beradi, tashxis qo‘yish va davolashda multidistsiplinar yondashuvni ta’minlash orqali pediatriya yordamini ko‘rsatish tizimini takomillashtiradi.

Milliy strategiya sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga yo‘l ochadi, kadrlar va infratuzilma salohiyatini mustahkamlaydi, bolalarga barcha darajalarda yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga yagona yondashuvni shakllantiradi.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Ashina Xalakdina shunday dedi: "Bolalar saratoni bo‘yicha milliy strategiyani — aniq maqsadlar, aniq chora-tadbirlar va imkon qadar ko‘proq bolalar hayotini saqlab qolish uchun zarur resurslarni o‘z ichiga olgan hujjatni ishlab chiqish O‘zbekiston uchun muhim qadamdir. Ushbu strategiya mamlakatda to‘plangan haqiqiy ma’lumotlar asosida saraton kasalligiga chalingan bolalarga sifatli yordam ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi".

O‘zbekiston oldinga qarab dadil qadamlar tashladi. Mamlakat JSSTning bolalar saratoniga qarshi kurash bo‘yicha Global tashabbusiga qo‘shildi va saraton kasalligiga chalingan bolalarni dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Global platformaning ishtirokchisiga aylandi. Buning natijasida bugun mamlakat bo‘ylab 16 ta tibbiyot muassasasida bolalar xavfsiz, samarali va bepul dori vositalarini olmoqda.

JSST O‘zbekistonni, ayniqsa, strategiya amalda ishlashi uchun boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va ma’lumotlardan foydalanish masalalarida qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech