12:00 (13.03.2024)
1458
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Pastdargʻom tumanida yashovchi, 1999-y.t. fuqaro Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan 3600 dona “S-Gen” nomli dori vositalarini 46 mln. soʻmga sotgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, undan mazkur dorilarning goʻyoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi soxta muvofiqlik sertifikati ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Bundan tashqari, uning yashash xonadonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari boʻlmagan 240 dona “ViVaNarin” nomli dori vositasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Qoʻqon shahrida yashovchi, 1989-y.t. fuqaro umumiy qiymati 121 mln. 800 ming soʻmlik, 2400 dona “Ampitsillin”, 1600 dona “Infera”, 1600 dona “Ferrovell jeleza gidroksid saxaroznыy kompleks” va 125 dona “Gonadotropin xorionicheskiy” nomli dori vositalarini Namangan shahridagi dorixonalarga yubormoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga koʻra, ushbu dorilar – dori vositalari va tibbiy buyumlar Davlat reestriga roʻyxatga olinmaganligi hamda Sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi va saqlash sharoitiga amal qilinmaganligi bois, ularni respublika hududida sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qoʻllash taqiqlanadi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam shu turdagi jinoyatni sodir etganligi uchun 2023-yil Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 165-1-moddasi bilan jarima jazosiga tortilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.