12:22 (21.04.2025)

66

Toshkentdagi bog‘larda giyohvandlikka qarshi kinologiya punktlari ochiladi

Oktyabr oyidan boshlab Toshkent shahridagi Botanika bog‘i va 11 ta istirohat bog‘ida sinov tariqasida kinologiya punktlari ochiladi.

Bundan maqsad giyohvandlik va kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositalarining aylanmasini oldini olishdan iborat.

Toshkent shahrida 1-oktyabrdan bir yil muddatga sinov tariqasida Botanika bog‘i va 11 ta istirohat bog‘ida kinologiya punktlari ochiladi. Bu haqda muhokama uchun e’lon qilingan hukumat qarori loyihasida aytiladi.

Qayd etilishicha, bundan ko‘zlangan maqsad giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli ta’sir etuvchi vositalar muomalasiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Bunday punktlar Anhor-Lokomotiv, Lokomotiv, Navro‘z istirohat bog‘lari, Tashkent City, Magic City, Milliy bog‘, Mirzo Ulug‘bek, G‘afur G‘ulom, Furqat, Ashxobod, Green Park hamda Botanika bog‘ida ochilishi kutilmoqda.

Ularni tashkil etish bilan poytaxt Milliy gvardiya boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi kinologiya bo‘limi shug‘ullanadi. Xizmatga Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi tomonidan Milliy gvardiyaning buyurtmasi bo‘yicha «dual tizim asosida («giyohvandlik vositalarini qidirish» va «antiterror» yo‘nalishlarida) tayyorlangan xizmat itlari jalb etiladi.

Tajriba natijalariga ko‘ra, uni O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham joriy qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech