13:25 (04.02.2026)
57
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Xalqaro saraton tadqiqot agentligi (IARC) mutaxassislari aniqlashicha, 36 turdagi xavfli oʻsimtalarning deyarli 40% holati zararli odatlarni tark qilish, toʻgʻri ovqatlanish va virusli hamda bakteriyali infeksiyalar bilan samarali kurash orqali oldini olish mumkin.
Bu esa har yili aniqlanadigan oʻsimtalar sonini 7,1 millionga qisqartirish imkonini beradi, deyiladi Nature Medicine jurnal da chot etilgan maqolada.
Saraton kasalligi butun dunyo boʻylab oʻlimning asosiy sababi boʻlib qolmoqda, ammo uning katta qismi oldini olish mumkin.
"Biz BMTga aʼzo 185 ta davlatda 36 turdagi oʻsimtalarning rivojlanishiga taʼsir etuvchi 30 ga yaqin oʻzgartirilishi mumkin boʻlgan xavf omillarining qanday taʼsir qilishini har tomonlama baholadik. Ushbu hisob-kitoblar shuni koʻrsatdiki, har yili qayd etiladigan 18,7 million saraton kasalligining taxminan 7,1 millionini oldini olish mumkin", deyiladi tadqiqotda.
Bu xulosaga kelgan tibbiyotchilar jamoasi Global Burden of Disease (GBD) global loyihasi doirasida toʻplangan maʼlumotlarni keng qamrovli oʻrgandilar. Loyiha dunyo sogʻligʻiga taʼsir etuvchi omillarni kuzatishga qaratilgan. Statistikaga saraton holatlari, shuningdek, bemorlarning zararli odatlari va infeksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham kiritilgan.
Bu maʼlumotlardan foydalanib, olimlar oʻzgartirilishi mumkin boʻlgan 30 ga yaqin xavf omillarining – zararli odatlar, jismoniy faoliyatning kamligi, xatarli kasblar, notoʻgʻri ovqatlanish hamda virusli va bakteriyali infeksiyalar – 36 ta eng keng tarqalgan xavfli oʻsimtalar rivojlanishiga qanday taʼsir qilishini tahlil qildilar. Tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, oʻsimtalar rivojlanishining katta qismi, deyarli 40 foizini bemorlarning hayot tarzi va ovqatlanish tartibini oʻzgartirish orqali oldini olish mumkin.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, oldini olish mumkin boʻlgan saraton holatlarining ulushi dunyoning turli mintaqalarida erkaklar va ayollar oʻrtasida sezilarli darajada farq qilgan. Xususan, erkaklar uchun bu koʻrsatkich taxminan 45,4% ni, ayollar uchun esa atigi 29,7% ni tashkil etdi.
Shuningdek, olimlar potensial oldini olish mumkin boʻlgan oʻsimtalarning taxminan 11,5% holati ikki infeksiya – papillomavirus va Helicobacter pylori bilan bogʻliqliq ekanligini aniqladi.
Har yili 4-fevral – Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun saraton haqidagi maʼlumotni oshirish va onkologik kasalliklarni aniqlash hamda davolash muammolariga eʼtiborni jalb qilish maqsadida oʻtkaziladi.