08:50 (26.03.2024)

1781

JSST: Dunyoda vaboga qarshi vaktsinalar taqchilligi kuzatilyapti

Soʼnggi yillarda qator mintaqalar boʼylab avj olayotgan vabo epidemiyasi millionlab insonlar hayotini xavf ostida qoldirmoqda. Garchi bu ogʼir xastalikdan himoyalanish chorasi allaqachon topilgan boʼlsa-da, biroq unga qarshi vaktsinalar zaxirasi nihoyasiga yetdi.

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus va Zambiya prezidenti Xakainde Xichilem muallifligida eʼlon qilingan tahliliy maqola ayni shu oʼtkir muammoga bagʼishlandi.

Qayd etilishicha, uch yildan buyon sayyoramizda mazkur epidemiya bilan bogʼliq vaziyat tobora yomonlashyapti. Masalan, 2021 yilda 223 ming kishi bu dardga chalingan boʼlsa, 2022 yilda mavjud koʼrsatkich ikki barobar oshib, 473 mingtaga yetdi.

2023 yilgi hisob-kitoblar esa yanada xavotirli. Jahon boʼyicha oʼtgan yili 700 mingdan koʼproq bemorga vabo tashxisi qoʼyilgan. Eng yomoni, hozir ham 23 mamlakatda kasallanish holatlari roʼyxatga olinyapti va 1 milliarddan ziyod insonning salomatligi xavf ostida.

Hozirgi vaqtda kasallikdan eng jiddiy zarar koʼrgan davlatlar qatoriga Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Gaiti, Somali, Sudan, Suriya, Zambiya va Zimbabve kiradi.

Biroq farmatsevtika kompaniyalari past rentabellik tufayli bu kasallikka qarshi vaktsinalar ishlab chiqarishni toʼxtatib qoʼygan. Chunki aksariyat vabo oʼchoqlari eng qashshoq mamlakatlarda aniqlanyapti. Tabiiyki, ular bunday himoya vositalarini katta miqdorda xarid qilishga qodir emas.

Shunga qaramay, joriy yilda 37-50 million doza vaktsina ishlab chiqarilishi prognoz qilinmoqda. Lekin bu millionlab odamlar ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli emas.

Shundan kelib chiqib, JSST ishlab chiqaruvchilar, homiylar va hukumatlarni bu borada hamkorlikka hamda vaboga qarshi kurashish uchun barcha zarur choralarni koʼrishga chaqirdi. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech