12:00 (02.07.2024)

895

JSST: Dunyoda vaboga chalinish koʼrsatkichi 58 foizga oshdi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʼra, soʼnggi oylarda dunyoning qator mintaqalarida vabo epidemiyasi keskin kuchaya boshladi.

Xususan, may oyida 46 mingdan ortiq kishiga ushbu xavfli kasallik tashxisi qoʼyilgan va bu aprel oyiga nisbatan 58 foiz yuqori koʼrsatkichdir.

Epidemiya oʼchoqlari 19 mamlakatda qayd etilgan. May oyida roʼyxatga olingan bemorlar soni – 46,4 ming nafardan ziyod. Ularning 185 nafari xastalik oqibatida hayotdan koʼz yumgan.

Yuqori oʼsish dinamikasi asosan Sharqiy Oʼrta yer dengizi mintaqasi hissasiga toʼgʼri kelmoqda. Аfgʼonistonda 13 ming nafardan ortiq, Pokistonda esa 13 mingga yaqin yangi holat qayd etilgan.

Umuman, joriy yil boshidan buyon sayyoramiz boʼyicha qariyb 195 ming odam ushbu xastalikni yuqtirgani aytilmoqda. Epidemiya qurbonlari soni 1,9 ming nafardan oshgan.

Shu sababli JSST vaboning dunyo boʼylab tarqalish xavfini yuqori deb baholadi va 2023 yil yanvar oyidan 2024 yil mayigacha vaktsinalarga boʼlgan talab ikki barobar oshganini maʼlum qildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech