09:30 (02.10.2025)

343

O‘zbekistonda 6 tonna sifati talabga javob bermaydigan osh tuzi aniqlandi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga asosan bugungi kunda yer yuzida 2 milliard aholi yod tanqis hududlarda istiqomat qilmoqda. 655 million aholi endemik buqoq kasalligiga chalingan. Yod tanqisligi sababli 43 million aholida bosh miya faoliyatining buzilishi va aqlan zaiflik holati kuzatilmoqda.

Uzoq yillar davomida yod yetishmasligi holatlarini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar olib borilishiga qaramay jahonning ko‘p davlatlarida, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi aholisi o‘rtasida ham yod yetishmasligi muammolari mavjud.

Tuzni yodlash dasturi aholini yod yetishmasligidan himoya qilishning eng samarali va arzon yo‘li hisoblanadi. Bu amaliyotda osh tuziga kichik miqdorda yod qo‘shiladi va natijada qalqonsimon bez kasalliklari hamda bolalarda aqliy rivojlanishdagi orqada qolish holatlari oldini olinadi. Standartlarga ko‘ra, 1 tonna osh tuziga 20 — 40 g kaliy yodat qo‘shiladi.

Xalqaro ma’lumotlarga ko‘ra, bu dastur tufayli 1990–2020 yillar oralig‘ida yod yetishmasligi kuzatiladigan mamlakatlar soni keskin kamaygan. Bugungi kunda 120 dan ortiq davlatda tuzni majburiy yodlash tizimi joriy qilingan bo‘lib, mazkur dasturning samarali amal qilishi sifat nazorati va qonunchilik asosida ta’minlanishi lozim.

O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon sifati talabga javob bermaydigan 6 tonnadan ortiq osh tuzi aniqlangan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlaridagi sanitariya-gigiyena laboratoriyalarida yil boshidan buyon jami 4411 ta osh tuzi namunalari tekshirilgan, shundan 1306 tasi talabga javob bermagan.

Aniqlik kiritilishicha, ushbu namunalarning 19 tasi ishlab chiqarish korxonalariga, 182 tasi savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan hamda 1105 tasi Maktabgacha ta’lim tashkiloti, maktablar va DPMlarga to‘g‘ri keladi.

Sifati talabga javob bermaydigan 6042,5 kg osh tuzi realizatsiya qilishdan to‘xtatilib, osh tuzini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qayta yodlashga jo‘natildi. Shuningdek, 1 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Shuningdek, aniqlangan holatlar yuzasidan jami 31 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech