10:00 (14.07.2025)
143
Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona idoralari hamkorligida Toshkent shahrida tezkor tadbir oʼtkazildi.
Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. shaxsning Yangihayot tumanidagi ijaradagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʼzdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 16249 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qoʼyildi.
Maʼlum boʼlishicha, u muqaddam “Telegram” messenjeri orqali savdo qiluvchi shaxs tomonidan Sergeli tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ushbu dori vositalarini olib, kelgusida mijozlarga sotganidan soʼng, narkosavdogarga 16 ming АQSh dollari berishi kerak boʼlgan.
“Zardeks” dori vositalari tarkibida “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi mavjud boʼlib, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi 818-son qaroriga muvofiq, “Pregabalin” moddasi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar turkumiga kiradi.
Hozirda dorifurush fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251-1 moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʼllanildi. Tergov harakati olib borilmoqda.