09:00 (01.04.2026)

69

Oʻzbekistonda havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari masofaviy ishga oʻtkazilishi mumkin

Oʻzbekistonda atmosfera havosi sifati keskin yomonlashgan holatlarda amal qilinadigan maxsus harakatlar tartibi (algoritm) ishlab chiqiladi.

Prezidentning joriy yilning 25-mart kuni qabul qilingan “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida ushbu tizim doirasida davlat tashkilotlarida ish rejimini oʻzgartirish yoki xodimlarni masofaviy shaklga oʻtkazish choralarini belgilash nazarda tutilgan. 

Hujjatga koʻra, bir oy muddatda aholini tezkor ogohlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi. Unda SMS-xabarlar, ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali havo sifati yomonlashgani haqida xabar berish, xavf darajasi boʻyicha rasmiy maʼlumotlarni yetkazish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, aholini himoya qilish chorasi sifatida ochiq havoda boʻlishni cheklash, ayniqsa bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor shaxslarni uyda qolishga chaqirish, taʼlim muassasalarida ochiq havodagi mashgʻulotlarni vaqtincha bekor qilish hamda ommaviy tadbirlarni cheklash belgilangan.

Farmonga muvofiq, zarur hollarda davlat idoralarida ish jarayonini moslashtirish, jumladan, masofaviy ish formatiga oʻtish imkoniyati ham koʻrib chiqiladi. Bundan tashqari, sanoat, energetika, qurilish va transport sohalarida chiqindilarni vaqtincha kamaytirish, qurilish ishlarini cheklash, transport harakatini qisqartirish, shuningdek, changni kamaytirish choralarini qoʻllash ham nazarda tutilgan.

Ushbu hujjatga asosan, Oʻzbekistonda 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari oʻtkazib boriladi, mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Ushbu sanalar ish kunlariga toʻgʻri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech