18:00 (31.05.2024)
1171
112 yagona dispetcherlik xizmati 1 iyundan boshlab Toshkent shahri va viloyatida, keyinchalik bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ishga tushiriladi.
“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida”gi Hukumat qarori (304-son, 29.05.2024 y.) qabul qilindi. Qarorga koʼra, hodisa va favqulodda vaziyatlar roʼy berganda shoshilinch yordam koʼrsatish uchun “112” qisqa raqam orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi.
112 yagona dispetcherlik xizmati IIV, FVV, SSV, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda «Hududgaztaʼminot» shoshilinch xizmatlarini maʼlumotlarni uzatishning yagona tarmogʼiga birlashtiradi.
U respublikaning barcha hududlari boʼyicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam koʼrsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi sifatida ishlaydi.
Qarorga koʼra, quyidagilar 112 yagona dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
-fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash, ularga bepul asosda shoshilinch, tez va kechiktirib boʼlmaydigan yordamni tashkil etish va koʼrsatish;
-shoshilinch yordam koʼrsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;
-vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari tomonidan fuqarolarga oʼz vaqtida yordam koʼrsatilishi yuzasidan tizimli nazorat yuritish;
-vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari oʼrtasida yaqindan axborot almashinuvi boʼyicha tezkor oʼzaro hamkorlikni taʼminlash.
Dispetcherlik xizmati 1 iyundan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga tushiriladi. Shundan soʼng bosqichma-bosqich tarzda 2024 yil birinchi yarim yilligida Аndijon, Namangan va Fargʼona viloyatlarida, yil yakuniga qadar Qoraqalpogʼiston Respublikasi va qolgan viloyatlarda yoʼlga qoʼyiladi.