11:55 (30.12.2023)
1050
04.09.2023-yil. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 444-son "Xalq salomatligi posboni" koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida"gi Qarori bilan "Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Koʻkrak nishoni har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – Tibbiyot xodimlari kuni arafasida tantanali topshiriladi. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
06.09.2023-yil. "Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident Farmoni (PF-156-son) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, quyidagilar ishlab chiqilishi belgilandi:
▫️ 2024-2026-yillarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, toʻgʻri ovqatlanishni tizimli targʻib qilish va ommalashtirish dasturi;
▫️2023-yil yakunigacha “Aholi salomatligi – 2030” milliy strategiyasi.
2024-yil 1-yanvardan Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazirlik boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Tibbiyotni rivojlantirish jamgʻarmasi direksiyasi tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026-yil yakunigacha tibbiy sugʻurta respublika boʻylab toʻliq joriy etiladi.
08.09.2023-yil. “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–296-son) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2023-yil 1-oktyabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning 14 hududiy filiali tashkil etildi.
➖2024-yil 1-oktyabrdan har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qoʻllanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab beriladi.
Qaror bilan shuningdek, Onalar va bolalar hamda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturga koʻra, homilador ayollar uy varaqasini raqamlashtirish va amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.
11.09.2023-yil. Prezident Farmoni (PF–158-son) bilan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi hamda uni 2023-yilda oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha Prezident qarori (PQ–300-son) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
➖Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari roʻyxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi;
➖nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan taʼminlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Bunda, nogironligi boʻlgan shaxslarga tovar va xizmatlarni oʻzlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.