15:55 (28.03.2025)

200

2024 -yildagi faoliyati yakunlari muhokama qilinib, 2025- yil rejalari ma’lum qilindi

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining navbatdagi "Kompaniyaning 2024-yildagi faoliyati yakunlari, 2025-yil rejalari"ga bag‘ishlangan matbuot anjumani  bo‘lib o‘tdi.

Dastavval Dori-Darmon" AK Boshqaruv raisi maslahatchisi Oqil Xodjimetov kompaniyaning 2024-yildagi faoliyati bo‘yicha muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.

Ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyamiz tizimida 1480 dan ortiq ijtimoiy dorixona va dorixona shaxobchalari  faoliyat yuritadi. Ushbu dorixonalarning 1384 tasi yoki 88 foizi qishloq hududlarida joylashgan.

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va uning hududiy bo‘linmalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi va boshqa davolash-profilaktika muassasalarining asosiy ta’minotchilaridan biri hisoblanadi. 2024-yil  davomida:

-  sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli davolash profilaktika muassasalariga  – 160,8 mlrd. so‘mlik; 

-  boshqa davolash profilaktika muassasalariga – 69,2 mlrd. so‘mlik;

-  xususiy sektorga – 30,5 mlrd. so‘mlik;

-  QVP va QOPlarga – 77,6 mlrd. so‘mlik;

-  harbiy davolash muassasalariga – 2,9  mlrd. so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yildagi 204-son qarori bilan Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanish huquqiga ega bo‘lgan 14 toifadagi shaxslar ro‘yxati belgilangan. 2024-yil davomida mazkur ro‘yxatdagi shaxslarga kompaniyamiz va uning tizimidagi jamiyatlarga qarashli dorixonalar orqali 408 716 ta  retsept asosida orqali   31 mlrd. 755  mln. so‘mdan ortiq  dori vositasi va tibbiyot buyumlari bepul berildi.

Bundan tashqari, 2024-yil davomida kompaniyaning reimbursatsiya dasturiga ulangan dorixonalari orqali jami 4,6 mlrd. so‘mlik dori vositalari bemorlarga elektron retsept orqali bepul berildi. Reimbursatsiya dasturi doirasida gipertoniya va yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar oilaviy shifokorlariga murojaat etib, elektron retsept asosida dorixonalardan 27 turdagi dori vositalarini bepul olishlari mumkin.

Bugungi kunda kompaniyaga qarashli 89 ta, shundan Sirdaryo viloyatidagi 44 ta va Toshkent shahridagi 45 ta dorixona va dorixona shoxobchalari reimbursatsiya dasturi bo‘yicha ish olib bormoqda. Kompaniya tizimidagi jamiyatlarga qarashli dorixonalarda ham reimbursatsiya dasturini o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-yanvardagi “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ko‘ra, farmatsevtika mahsulotlarini chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqli dorixonalar 2025-yil 1-yanvarga qadar hamda boshqa dorixonalar 2026-yil 1-yanvarga qadar Zarur dorixona amaliyoti (GPP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar  kompaniya va tizimdagi jamiyatlarga qarashli 800 dan ortiq  dorixonalar GPP setifikati asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.

2024- yilning avgust oyida "Dori-Darmon" AK va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda yangi ijtimoiy loyihani yo‘lga qo‘ydi. Loyiha doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga murojaatlar asosida peshob qabul qilgich, (mochepriyemnik) yetkazib berilmoqda. Loyiha yo‘lga qo‘yilgandan boshlab yil yakuniga qadar  600 dan ortiq mochepriyemnik yetkazib berildi.

Hisobot yilida kompaniyaning umumiy tovar aylanmasi  659,8 mlrd so‘mni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 435,8 mlrd.so‘mni, chakana tovar aylanmasi 223,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining asosiy kuchi- bu kuchli bilim va tajribaga ega bo‘lgan xodimlari sanaladi. Har yili zamon talabidan kelib chiqqan holda xodimlarning malaka oshirishiga jiddiy e’tibor qaratiladi. 2024-yilda kompaniya va uning tizimidagi jamiyatlarda  200 ga yaqin xodimlar, dorixonachilar GPP, GDP  va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv kurslarida ishtirok etdi. Jamiyatlarda  ham xodimlar, farmatsevt va provizorlar muntazam malaka oshirib bormoqda.

Shu o‘rinda murojaatlarga to‘xtalib o‘tsak.  «Dori-Darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga qat’iy rioya etilgan holda ko‘rib chiqiladi. Kompaniyaga 2024-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 7664 ta murojaat kelib tushdi, shulardan 290 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan, 102 tasi kompaniyaning veb saytiga, 33 tasi kompaniyaning botiga kelib tushgan, 16 tasi yozma shaklda yo‘llangan.  Shuningdek, kompaniya tizimida faoliyat yuritayotgan   (78) 120-16-61 ishonch telefoni orqali 7223 nafar fuqaro murojaat qilgan. Murojaatlarning asosiy qismi dori vositalarini topishda, olishda ko‘maklashish, bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha bo‘lgan va barchasi tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etilgan holda, asosli javob qaytarildi.

Matbuot anjumani davomi jurnalistlar va aholi tomonidan bot orqali kelgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob berib o‘tdi. Yakunda jurnalistlarga intervyular berildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech