13:57 (26.12.2024)
104
10.07.2024-yil. “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, shuningdek, ularning tarkibidagi xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining davlat xaridlari yillik va choraklik reja-jadvallari hamda import qilish rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha qarorlari muhim fakt sifatida oshkor qilib boriladi.
Har yil yakuni bo‘yicha keyingi yilning 1-apreligacha davlat xaridlari sohasida “Eng faol tadbirkor” hamda “Eng yaxshi buyurtmachi” tanlovlari o‘tkaziladi.
16.07.2024-yil. “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-apreldan:
- fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi;
- TIEK tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi;
- TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatiladi;
- 18 yoshdan katta shaxslarga nogironlikni belgilashda nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, shuningdek, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.
18.07.2024-yil. «Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun «Ijtimoiy karta» axborot tizimini joriy etish orqali ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini bosqichma-bosqich to‘liq avtomatlashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
24.07.2024-yil. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Toshkent shahar hokimligining “Toshkent” MFY Yangi aylanma yo‘li manzilida joylashgan “Zangiota-2” shifoxonasi o‘rnida Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi 500 o‘rniga mo‘ljallangan Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasi tashkil etiladi.