08:49 (19.03.2025)
576
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi Farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-apreldan boshlab:
- cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi.
Bunda:
-mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan amaldagi referent narxni shakllantirish tizimi saqlab qolinadi;
-retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasini ulgurji va chakana sotishda ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan (bazaviy) qiymatidan 15 foizdan va chakana savdo uchun sotib olingan qiymatidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda ustama qo‘llanadi. Ushbu dori vositalarining ulgurji va chakana narxlari cheklangan ulgurji va chakana referent narxlardan yuqori bo‘lmasligi shart;
- retseptsiz beriladigan dori vositalarini ulgurji va chakana realizatsiya qilishda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanmaydi;
- bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ushbu dori vositalarining barchasiga nisbatan eng past referent narx qo‘llanadi (dori moddalari (substansiya) ishlab chiqaruvchilarida farq bo‘lgan hollar bundan mustasno);
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi tomonidan xorijiy valyutada qayd etilgan referent narxlar quyidagi hollarda avtomatik ravishda (tadbirkor murojaatisiz) qayta ko‘rib chiqiladi:
- xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan qiymati dori vositasiga qayd etilgan oxirgi qiymatdan 3 foiz yuqori bo‘lsa — har yilning yanvar va iyul oylarida;
- xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan qiymati dori vositasiga qayd etilgan oxirgi qiymatdan 5 foiz yuqori bo‘lsa — muddatidan avval.