Yangiliklar

not found

6 ta xavfli kasallik

Dunyoda haqiqatan ham shunday kasalliklar borki, ulardan bir kunda, hatto bir necha soat ichida vafot etish mumkin.  Yaxshiyamki, ularning soni unchalik koʻp emas va bu kasalliklardan oʻzimizni asrashimiz mumkin. Ebola virusi Ebola virusining xavfsi haqida ko‘p marta gapirilgan. O‘lim darajasi 50% dan 90% gacha bo‘lishidan tashqari, u juda yuqumli. Ebola virusiga qarshi vaksina hali ixtiro qilinmagan. Kasallikning birinchi alomatlaridan boshlab, o‘limga olib keluvchi katta qon ketish darajasigacha bir necha soatdan bir kungacha vaqt ketishi mumkin. Yaxshi tomoni shundaki, virus havo tomchilari bilan emas, balki faqat kasal odamlarning tana sekretsiyalariga tegish orqali yuqadi. Shuning uchun infeksiyalangan odamlar deyarli darhol izolyatsiya qilinadi. Yomon tomoni: virusning tabiiy o‘choqlari sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanmagan kambag‘al mamlakatlarda joylashgan, shuning uchun kasallikni darhol aniqlash juda qiyin. Ikkinchidan bugun odamlar dunyo bo‘ylab  harakatlanmoqda. Bu esa kasallikni bir qit’adan ikkinchisiga tarqalishiga bir necha soatlar kifoya degani. Yurak ishemik kasalligi Uning halokatli shakllaridan biri miokard infarktidir. Yurak organizmning nasosi ekanligini unutmaslik kerak. Qon tortishish kuchiga qarshi pastdan yuqoriga harakat qiladi, chunki arteriya va tomirlardagi bosim har xil. Yurakning mushakni oziqlantiradigan o‘z tomirlari bor. Ular koronar deb ataladi.  Agar yurak arteriyalarining devorlari sklerotik bo‘lib qolsa, tomirlar torayadi va yurak ishemik kasalligi paydo bo‘ladi. Kasallik yurak tomirlarining tromboziga olib keladi va hujayra oziqlanishi to‘xtaydi. Hujayralar uzoq vaqt davomida oziqlanish va kislorodsiz yashay olmaydi va agar 30 daqiqadan so‘ng oziqlanish va kislorod yetkazib berish normallashmasa, hujayra o‘limi sodir bo‘ladi. Yurak xuruji xavfini kamaytirish uchun 30 yoshdan keyin muntazam ravishda kardiolog ko‘rigidan o‘tish, shuningdek chekishni tashlash kerak. Jismoniy faollik yetarli  bo‘lishi juda muhim - bu qon tomirlarini  yanada elastik qiladi, shuningdek arteriyada aterosklerotik pilakchalar (blyashkalar) rivojlanishini oldini oladi. Qon bosimini ham muntazam kuzatib borish kerak! Tulyaremiya 1910-yilda Kaliforniya vabo stansiyasining bir guruh olimlari g‘alati yiringli yaralarni payqashdi.  Avvaliga ular bu bubon vabosi (chuma) deb o‘ylashdi. Ammo bubon vabosining mikrobini topib bo‘lmadi, lekin yangi, ilgari noma’lum bo‘lgan bakteriya - Bacterium tularensis topildi. Keyinchalik u bilan ishlagan olim sharafiga  Francisella tularensis deb nomlandi. Inkubatsiya davri bir necha soatdan 21 kungacha davom etadi. Kasallikning birinchi kunlarida haroratning keskin ko‘tarilishi, kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, mushaklar  og‘riqlari kuzatiladi. Kasallikning ko‘plab shakllari mavjud va u juda tez rivojlanadi. Tulyaremiyani antibiotiklar bilan davolash mumkin bo‘lsa-da, yaxshisi infeksiyani yuqtirmaslik kerak. Infeksiya odamlarga ko‘pincha kasal hayvonlar orqali yuqadi. Tulyaremiya tayoqchasi tashuvchilari: quyonlar, suv kalamushlari, sichqonlar. Shuningdek kam holatda infeksiya ifloslangan oziq-ovqat va suv orqali yuqishi mumkin. Agar ochiq joylarda juda yoqimli quyonni ko‘rsangiz ham, unga yaqinlashmang, shuningdek, kalamushlar ko‘p bo‘lgan joylarda sayr qilmang. Meningokokk infeksiyasi Bakteriyalar miya va orqa miya membranalarini yo‘q qiladigan juda xavfli bakterial kasallik. Meningokokkning asosiy qurbonlari bolalar va qariyalardir. 50% hollarda kasallik o‘lim bilan yakunlanadi. Ammo, tuzalishga muvaffaq bo‘lganlar ham kasallikning og‘ir oqibatlaridan  qutula olmaydi. Kasallik birin-ketin paydo bo‘ladigan va 24 soat ichida o‘limga olib keladigan juda agressiv belgilarga ega. Infeksion manbai kasal odamlar va bakteriyalarni tashuvchilardir. Yuqish yo‘li -havo orqali, ammo infeksiya bemor bilan juda yaqin masofada bo‘lishni talab qiladi. Vaksina yordamida kasallikning oldini olish mumkin. Bugungi kunda meningokokk kasalligining barcha shtammlariga qarshi emlash mavjud. Insult Bosh miya kasalliklari butun dunyoda katta muammo hisoblanadi. Miya qon tomirlari kasalliklari - bu miyadagi qon tomirlarining shikastlanishi bilan tavsiflangan kasalliklarning butun guruhi: ishemik insult, miya ichida qon ketishi va boshqalar. Odatda, rivojlangan ateroskleroz va arterial gipertenziya bu kasalliklarga olib keladi. Miya qon aylanish tizimining buzilishi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari guruhida o‘limning yurak ishemik kasalligidan keyin ikkinchi eng keng tarqalgan sababidir. Qanday qilib oldini olish mumkin? Bu juda oddiy: chekishni tashlash, vaznni nazorat qilish,  uyqu rejimiga rioya qilishingiz, stressdan qochish kerak va agar siz xavf ostida bo‘lsangiz, tekshiruvlarni e’tiborsiz qoldirmang. Eng muhimi, qon bosimini kuzatib borishdir.  Insultni qanday tez aniqlash mumkin (4 belgi): - odamdan tabassum qilishni so‘rang. Agar tabassum bir tomonlama paydo bo‘lsa, ishlar yomon; - oddiy iborani aytishni so‘rang - nutq buzilishi kuzatilmasligi kerak; - ikki qo‘lini ko‘tarishini so‘rang - u bir vaqtning o‘zida ikkalasini ko‘tarishi kerak; - tilini chiqarishni so‘rang - uni bir tomonga burish kerak emas. Vabo Nopok suv ichish yoki Vibrio cholerae bakteriyasi bilan ifloslangan narsalarni iste’mol qilgandan keyin rivojlanadigan o‘tkir ichak infeksiyasi. Ba’zida vabo bir necha soat ichida o‘limga olib keladi: hammasi og‘ir diareya bilan boshlanadi, suvsizlanish paydo bo‘ladi, keyin esa o‘lim. Eng oddiy oldini olish usuli sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish: suvni dezinfeksiya qilish, qo‘l yuvish, oziq-ovqat mahsulotlariga issiqlik bilan ishlov berish, umumiy joylarni dezinfeksiya qilish. Ammo agar siz ushbu xavfli bakteriya topilgan hududga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, yaxshisi  vaboga qarshi vaksina olganingiz yaxshi. 

  • 14 Oktyabr, 10:00
  • Batafsil
not found

"Ofis xodimi sindromi"ning oson va samarаli yechimi

Ko‘plab kasalliklarning bosh omili — kamharakatlik. Asosiy vaqtini ish stolida, kompyuter qarshisida o‘tkazidigan xodimlarning katta qismi ham, afsuski, jismoniy faollik yetishmaydigan toifaga mansub. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 25 yoshdan oshgan ishchilarning 80 foizida umurtqa pog‘onasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Bunday kasalliklarning kelib chiqishiga 80 foiz holatda ish stolida gavdani noto‘g‘ri tutish sabab bo‘ladi. Biroq buni ish sharoiti, kasb taqozosi bilan bog‘lab, salomatlikka e’tiborsiz bo‘lish og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Vaholanki, ushbu muammo, ya’ni "ofis xodimi sindromi"ning oson va samarli yechimi bor. Masalan, ish vaqti davomida imkon qadar har bir-ikki soatda 5-10 daqiqa tanaffus qilish lozim. Bu paytda bir necha marotaba o‘tirib-turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat millari bo‘ylab aylantirish kerak. So‘ng o‘pkamizni to‘ldirib nafas olamiz va yana ishni davom ettirishga kirishamiz. Bel og‘riqlaridan himoyalanishda kursi suyanchig‘iga maxsus ortopedik yostiq qo‘yish mumkin. Qolaversa, bunday vositalar bavosil bilan og‘rigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi. Har ikki soatda bo‘yin mushaklari uchun mashq bajarish bo‘yin osteoxondrozi profilaktikasida qo‘l keladi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida og‘riq, uvishish kuzatilganida bunday harakatlar juda samarali. Kamharakatlik tanada qon aylanish tizimini izdan chiqaradi. Birinchi navbatda, oyoq va kichik tos a’zosida me’yoriy jarayon buziladi. Oqibatda oyoq vena qon tomirlarida varikoz kengayishi, bavosil tugunlari hosil bo‘lishi kuzatiladi. Bunday vaziyatda qon aylanishini yaxshilash uchun jismoniy faollikni oshirish lozim. Ishni ertalabki badantarbiyadan boshlagan ma’qul. 10-15 daqiqa qo‘l-oyoq chigalini yozish salomatlikni yaxshilaydi. Kun davomida esa zinadan piyoda ko‘tarilish, vaqti-vaqti bilan xona bo‘ylab yurish kerak. Qon aylanishining me’yorda bo‘lishi iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga ham bog‘liq. Muntazam qahva yoki achchiq qora choy ichish qon quyuqlashishiga olib keladi. Shuningdek, shirinliklar tufayli organizmda “yomon” xolesterin miqdori ortishi ham sir emas. Bundan tashqari, kompyuter qarshisida taom yeyishning ziyoni katta. Negaki, monitordan chiqayotgan nur nafaqat inson tanasi, balki u tanovul qilayotgan mahsulotlarni ham ma’lum ma’noda zararlaydi. Tizza bo‘g‘imlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda ko‘p qolib ketishi ham sog‘lik uchun ziyon. Bunday vaziyatda bo‘g‘imlarning drenaj funksiyasi, oziqlanishi buziladi. Natijada artroz-bo‘g‘im kasalligi kelib chiqishi mumkin. Bu kasallikning oldini olish uchun oyoqlar holatini almashtirib turish, vaqti vaqti bilan turib yurish, o‘tirgan holatda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib o‘tirish hamda chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarish kerak.

  • 11 Oktyabr, 17:40
  • Batafsil
not found

Farg‘ona va Namanganda 1 mlrd so‘mlik dori vositalarini qalbakilashtirayotgan jinoiy guruh ushlandi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi va viloyat DXX xodimlari tomonidan Farg‘ona va Namangan viloyatlarida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Matbuot xizmati xabar qildi. Tezkor tadbir davomida Lacetti avtomobili ko‘zdan kechirilganda, sifatida kafolatlanmagan dori vositalari olib ketilayotganligi aniqlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu dori vositalari olingan Qo‘qon shahridagi xonadon va mazkur dorilar sotiladigan dorixona tekshirilgan. Oqibatda xonadonda sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan, dorixonada esa sotilayotgan qalbaki dori vositalari aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur 42 215 dona sifati kafolatlanmagan, qalbaki dorilarning umumiy qiymati 504 mln so‘mni tashkil etgan. Xonadonda qiymati 128 mln so‘mlik jami 4 turdagi 1030 dona qalbakilashtirilgan dori vositalari va 13 976 dona qalbaki dorilarni tayyorlash uchun dori vositalari qadog‘i, o‘ramlari va yorliqlari borligi aniqlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, dori vositalarini Farg‘ona shahrida qalbakilashtirayotgan shaxs ham ushlangan. Ushbu shaxs tomonidan Namangan viloyatida yashovchi shaxsga qalbakilashtirilayotgan dori vositalarining o‘rami, qadog‘i, qutisi, firma belgisi yo‘riqnomalarini buyurtma berish orqali tayyorlatib, olib kelinganligi ma’lum bo‘lgan. Farg‘ona shahrida ushbu shaxs tomonidan boshqa fuqarolarni jalb qilgan holda "Askorbin kislotasi", "Deksametazon" kabi dorilarning har bir ampulasini 100 so‘m evaziga yozuvlarini o‘zgartirgan. Natijada soxta belgi va yorliqlar qo‘yilib, dori vositalarini qalbakilashtirish orqali boshqa dorilar tayyorlab, dorixonalarda sotib kelingan. Ta’kidlanishicha, "Peratsetam" dorisi - "Mildronat", "L-lizina essinat" va "Aktovegin" dorilariga, "Deksametazon” dorisi - "Retobalil" dorisiga qalbakilashtirilgan. Qolaversa, tadbir davomida ushbu shaxsning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zda kechirilgan. Natijada 69 ta qutida jami 6900 dona "Sefuroksim" nomli yaproqlik muddati 2021-yilda tugagan dori vositalari hamda ushbu dorilarni qalbakilashtirish maqsadida 240 dona yo‘riqnoma, 3050 dona dori vositalarining qutilari saqlab kelinayotganligi aniqlandi. Mazkur tezkor tadbir davomida umumiy qiymati 1 mlrd so‘mlik 46 246 dona qalbaki va sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda 13 976 dona dori vositalarini qalbakilashtirishda foydalaniladigan dorilarning qadog‘i, o‘rami va yo‘riqnomalari daliliy ashyo sifatida olingan. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

  • 11 Oktyabr, 14:56
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech