Yangiliklar

not found

Qanday odatlar saratonga sabab boʼlishi mumkin?

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʼra, saraton dunyodagi oʼlim holatlarining asosiy sabablaridan biri boʼlib, 2020 yilda undan deyarli 10 million nafar inson olamdan oʼtgan, bu har olti oʼlimdan bittasi degani. Xoʼsh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga nima sabab boʼladi va ularning oldini olish mumkinmi? Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining boʼlim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Olimjon Imomov gapirib berdi: — Kasallik sabablardan biri — saraton keltirib chiqaruvchi kantserogen moddalar. Isteʼmol qiladigan ovqat va ichimliklar tarkibida, nafas oladigan havoda yoki tamaki tutunida koʼplab zaharli kantserogen moddalar mavjud. Shu sababli, tabiiy, sogʼlom ovqatlanish, zararli odatlar, yaʼni tamaki, nos va chilim chekishdan voz kechish, atrof muhitni, havoni ozoda saqlash — onkologik kasalliklar bilan kasallanish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi. Keyingi sabab — inson tanasidagi oʼsma oldi kasalliklari va turli surunkali xastaliklardir. Аgar biz oʼz vaqtida profilaktik koʼriklardan oʼtib tursak, va aniqlangan oʼsma oldi kasalliklari hamda surunkali xastaliklarni samarali davolab, ularni bartaraf qilsak, albatta, keyinchalik saraton bilan kasallanish ehtimolining oldini olgan boʼlamiz. Shuningdek, turli virusli va bakterial kasalliklar ham baʼzi saraton turlarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, gepatit V va S viruslari jigar saratoniga, Epshteyn-Barr virusi limfomalarga, Xelikobakter pilori bakteriyasi meʼda saratoniga, Odam papillomasi virusi bachadon boʼyni saratoniga sababchi boʼladi. Shu sababli, ushbu infektsion kasalliklarga qarshi kurash, shu jumladan, ularga qarshi emlanish, bu saraton turlarini karrasiga kamayishiga olib keladi. Stress ham turli onkologik kasalliklarga olib keluvchi sabablardan biri boʼlib, toʼgʼri turmush tarzini kechirish, yaxshi hordiq chiqarish, hayot ritmini tartibga solish orqali onkologik kasalliklarga chalinishning oldini olish mumkin. Kam harakatlilik va semirish ham koʼpchilik onkologik kasalliklarga sabab boʼlishi mumkin. Shuning uchun sogʼlom turmush tarzini kechirish, sogʼlom ovqatlanish, badantarbiya va sport bilan muntazam shugʼullanish saraton kasalligi profilaktikasi hisoblanadi. Bundan tashqari, sogʼlom ovqatlanishga eʼtibor berish turli oshqozon-ichak onkologik kasalliklari, endokrin aʼzolar oʼsmalarining oldini oladi. Juda achchiq, shoʼr, oʼta shirin va turli kimyoviy moddalar bilan ishlov berilgan taomlar isteʼmolini cheklash, meʼyorga rioya qilish tavsiya etiladi. Umuman olganda, sogʼlom ovqatlanish, atmosfera havosi tozaligiga eʼtibor berish, sogʼlom turmush tarzini kechirish, zararli odatlardan voz kechish, jismoniy faollik, yuqori tibbiy madaniyat, ruhiy xotirjamlik kabi fazilatlarga boy hayot kechirish insonni onkologik kasalliklar bilan ogʼrish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.

  • 21 May, 15:14
  • Batafsil
not found

Pfizer Zantac daʼvolarini hal qilish uchun 250 million dollar toʼlaydi

Pfizer oʼzining jigʼildon qaynashiga qarshi dorisir Zantac (ranitidin) preparatini qabul qilgandan keyin saraton xavfi oshganligi tufayli kompaniyaga qarshi qoʼzgʼatilgan 10 000 dan ortiq daʼvolarini hal qilish uchun 250 million dollargacha toʼlashga rozi boʼldi. Bu haqda Britaniyaning Financial Times gazetasi yozmoqda. Farmatsevtika giganti va Amerika shtatlari oʼrtasida tuzilgan kelishuvlar Zantac bilan bogʼliq sud jarayonlarining faqat bir qismini hal qiladi. Moliyaviy tafsilotlar hali toʼliq oshkor etilmagan. Zantac birinchi marta 1983 yilda regulyatorlar tomonidan tasdiqlangan. 1988 yilda uning yillik sotuvi 1 milliard dollardan oshganidan keyin u dunyodagi eng koʼp sotiladigan dori vositalaridan biriga aylandi. Preparatga boʼlgan huquqlar keyinchalik Pfizer ga, keyin Boehringer Ingelheim ga oʼtkazildi va 2017 yilda ular Sanofi kompaniyasiga sotilgan. Biroq, 2020 yilda AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) raketa yoqilgʼisi va moylash materiallarini ishlab chiqarishda qoʼllaniladigan kantserogen NDMA (N-nitrozodimetilamin) topilganligi sababli Zantac va uning jeneriklarini bozordan olib tashlashni talab qildi. Ushbu modda sogʼliq uchun xavfli boʼlib, turli xil hayvonlarda saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Ushbu moddaning bir milligramdan kam dozasi ham saraton oʼsmalarining rivojlanishiga olib keladi. Pfizer 1998 yildan 2006 yilgacha jigʼildon qaynashiga qarshi dori sotgan. Farmatsevtika giganti saraton kasalligining paydo boʼlishi va preparatni retsept boʼyicha qabul qilish oʼrtasida hech qanday bogʼliqlik yoʼqligini taʼkidlashda davom etmoqda. Oʼtgan oy Sanofi kompaniyaning dori-darmonlarini qabul qilish saraton xavfini keltirib chiqarishi bilan bogʼliq 4 ming daʼvoni hal qilishga muvaffaq boʼldi, lekin shartnomaning moliyaviy shartlarini oshkor qilmagan.

  • 21 May, 12:00
  • Batafsil
not found

SSV: Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasi shaffof va adolatli tizim asosida baholanmoqda

Maʼlumki, Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi "Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʼliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi qaroriga muvofiq Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etilgan edi. Mazkur muassasa zimmasiga tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy koʼnikmalari, kasbiy mahoratini attestatsiyadan oʼtkazish va ularga malaka toifalari berish funktsiyalarini bajarish yuklatilgan. Bugunga kunda ushbu markazda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali malakani baholashning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizimi yaratilgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 18 sentyabrdagi tegishli qarori bilan malaka toifalari berish boʼyicha davlat xizmatlarini koʼrsatishning Maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Unga asosan, hujjatlarning Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali faqat elektron shaklda qabul qilinishi va har bir bosqichda koʼrib chiqilishini toʼgʼridan-toʼgʼri kuzatib borish tartibi joriy etildi. Buning natijasida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi berish boʼyicha yigʼmajild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilindi. Shuningdek, ogʼzaki va test imtihonlarini oʼtkazish uchun hududlarda maxsus jihozlangan imtihon xonalari ajratilib, onlayn translyatsiya, audio va video kuzatuv nazorati taʼminlandi. Аytish joiz, tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berilganligini tasdiqlovchi qogʼoz shaklidagi sertifikat berish amaliyotiga ham barham berilib, hisobga olish seriyasi, tartib raqamiga ega, QR-kodi qoʼyilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etildi. Onlayn tartibdagi ogʼzaki imtihon uchun beriladigan bilet savollari “Random” (inson omili minimallashgan, kompьyuter texnologiyasi yordamida tasodifiy savol tanlash) dasturi orqali tanlanishi yoʼlga qoʼyildi. Bunda biletlar 5 ta savoldan iborat boʼlib, ularga javob berish uchun 15 daqiqa vaqt ajratiladi va har bir javob 10 ballik tizimda baholanadi. Imtihon yakunida dastur umumiy ballarning oʼrtacha qiymatini hisoblab, natijani oʼsha zahoti eʼlon qiladi. Shu bilan birga, test sinovi va ogʼzaki imtihon savollari Sogʼliqni saqlash vazirligi va markazning rasmiy veb-saytlarida oʼzbek, rus va qoraqalpoq tillarida joylashtirilgangan boʼlib, imtihonlarda aynan ushbu savollardan foydalanilishi taʼminlangan. Eʼtiborli jihati, talabgorlar ogʼzaki imtihonlarni aynan qaysi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyasiga topshirishini, komissiya aʼzolari esa imtihon boshlangunga qadar qaysi talabgordan imtihon olishini bilmaydi. Yangi tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjat topshirish hamda attestatsiyadan oʼtish uchun ortiqcha vaqt va mablagʼ sarflab poytaxtga kelishiga barham berildi. Hujjat topshirish va imtihondan oʼtish jarayonida inson omili aralashuvini minimallashtirish orqali korruptsiya xavfi va elementlari bartaraf etildi. Natijada malaka toifasini berish boʼyicha imtihonlardan faqat nazariy bilimi va amaliy koʼnikmalarini uzluksiz oshirib borgan tibbiyot xodimlarigina muvaffaqiyatli oʼtmoqda. Umuman olganda, hujjat topshirish va imtihon jarayonlarini raqamlashtirish natijasida shaffof tizim yaratilganligi soha uchun yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

  • 21 May, 08:50
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech