09:02 (30.04.2026)
87
Motivatsiya va o‘rganish bilan bog‘liq neyromediator — dofamin tanqisligi Alsgeymer kasalligida xotiraning yomonlashuvida muhim rol o‘ynashi mumkin.
Bu xulosaga Kaliforniya universiteti Irvayn tadqiqotchilari kelgan bo‘lib, natijalar Nature Neuroscience jurnalida e’lon qilingan.
Olimlar xotira shakllanishi va ma’lumotlarni gippokampga uzatishda ishtirok etuvchi miya qismi — entorinal qavatga e’tibor qaratgan. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, Alsgeymer kasalligida bu hududda dofamin darajasi meyorning 20 foizidan ham kamayib ketadi. Shu sababli neyronlar eslab qolinishi kerak bo‘lgan signallarga sustroq javob qaytaradi.
Xotirani tiklash mumkinmi-yo‘qmi tekshirish uchun tadqiqotchilar dofamin darajasini sun’iy ravishda oshirdilar. Bu esa xotira shakllantirish qobiliyati tiklanishiga olib keldi. Shuningdek, Levodopa qo‘llanilganda ham shunga o‘xshash samara kuzatildi. Ushbu preparat allaqachon Parkinson kasalligini davolashda qo‘llanib kelinmoqda.
Avvalroq Alsgeymer kasalligini davolashda asosiy e’tibor amiloid va tau kabi zaharli oqsillarni yo‘q qilishga qaratilgan edi. Biroq yangi tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, dofamin bilan bog‘liq neyron zanjirlar faoliyatining buzilishi ham kam ahamiyatga ega emas.
Mualliflar fikricha, dofamin tizimiga ta’sir qilish terapiyaning yangi yo‘nalishiga aylanishi mumkin. Ayniqsa, kasallikning dastlabki bosqichlarida, xotira yomonlashuvi endigina boshlanayotgan paytda bu usul samarali bo‘lishi mumkin.