09:00 (06.03.2025)
288
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har 20-ayol hayoti davomida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanadi.
Mavjud tendensiyalar davom etsa, 2050-yilga kelib bu kasallikka chalinganlar soni 38 foizga, o‘lim darajasi esa 68 foizga oshishi mumkin.
Saraton tadqiqotlari xalqaro agentligi tahliliga ko‘ra, 2050-yilda har yili 3,2 million yangi holat qayd etiladi va saraton 1,1 million kishining o‘limiga sabab bo‘ladi.
Ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida eng keng tarqalgan saraton turi bo‘lib qolmoqda. Eng yuqori tashxis ko‘rsatkichlari Avstraliya, Yangi Zelandiya, Shimoliy Amerika va Shimoliy Yevropada, eng past ko‘rsatkichlar esa Osiyo va Afrikada. Shu bilan birga, diagnostika va davolash imkoniyati cheklanganligi sabab, eng yuqori o‘lim darajasi Melaneziya, Polineziya va G‘arbiy Afrikada kuzatilmoqda.
Mutaxassislar kasallikning ko‘payishini bir necha omillar, jumladan, yosh, irsiy gen mutatsiyasi va oilaviy kasallik tarixi bilan izohlashadi. Ko‘krak bezi saratoni bilan bog‘liq yangi holatlarning 71 foizi va o‘limning 79 foizi 50 yoshdan oshgan ayollarga to‘g‘ri keladi, bu yosh omilining ta’sirini tasdiqlaydi.
Shuningdek, nosog‘lom turmush tarzi, xususan, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, ortiqcha vazn va kam jismoniy faollik ham kasallikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Tadqiqotchilar fikricha, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali xastalikka chalinish ko‘rsatkichini qariyb 25 foizga kamaytirish mumkin.
Dunyo bo‘ylab kasallanish ko‘payib borayotganiga qaramay, o‘rganilgan 46 mamlakatdan 29 tasida ko‘krak bezi saratonidan o‘lim darajasi kamaygan. Bu erta tashxis qo‘yish dasturlari samaradorligi va davolanish imkoniyatlari yaxshilanganini tasdiqlaydi.
“Har daqiqada to‘rt nafar ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yiladi va bir ayol bu kasallikdan vafot etadi. Bu statistik ma’lumotlar esa yomonlashmoqda”, dedi Saraton tadqiqotlari xalqaro agentligi tadqiqotchisi doktor Joan Kim. U mamlakatlarni kasallik profilaktikasi, erta aniqlash va davolashga ko‘proq mablag‘ sarflashga chaqirdi.