15:20 (07.10.2022)
2202
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o‘tgan bir yarim yil davomida sil kasalligini davolash uchun oltita dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashdi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi ma'lum qildi.
USAID’ning texnik yordami bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning dori-darmonlarni tezlashtirilgan ro‘yxatga olish tartibini (CRP-kooperativ ro‘yxatga olish tartibi) qabul qildi, bu O‘zbekistonda ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlar uchun yangi dori-darmonlardan tez va xavfsiz foydalanishni ta'minlaydi.
2021 yilda USAID’ning keng ko‘lamli texnik yordami natijasida silni davolash uchun JSST dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan ikki dori – sikloserin va protionamid O‘zbekistonda CRP orqali ro‘yxatdan o‘tgan birinchi dorilar bo‘ldi. Mamlakatda ko‘p dorilarga chidamli sil bilan kasallanish darajasi ko‘rsatkichi dunyoda eng yuqori o‘rinlardan biri sanalgani sababli ushbu ikki preparatning ro‘yxatdan o‘tishi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Sikloserin va protionamid silni davolash uchun ikkinchi qator dorilari sarasiga kirib, silga qarshi standart dorilar natija bermaydigan bemorlarda qo‘llaniladi.
2022 yilda yana to‘rtta silga qarshi dori ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bular rifampitsin, izonazid, pirazinamid va etambutol gidroxlorididir. Hozirda silga qarshi JSSTning dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan yana yettita dori ro‘yxatdan o‘tish jarayonida.
JSSTning dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi mamlakatda JSST ma'qullagan mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni tezlashtiradi va bemorlar va shifokorlarning kafolatlangan sifatli dori-darmonlarni qo‘llashini tezlashtiradi. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan dorilar, ro‘yxatdan o‘tmagan farmatsevtika preparatlaridan farqli ravishda 15 foiz QQSdan ozod etiladi.