14:57 (23.01.2024)
905
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda Sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A.Xudayarovning “Mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi holati toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasi parlament soʻroviga yuborgan javobi muhokama qilindi.
Parlament soʻroviga kelgan javobda qayd etilganidek, respublikada bugungi kunda dori vositalari ulgurji realizatsiya qilish uchun 538 ta korxona, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun esa 15 250 ta litsenziyaga ega dorixona faoliyat yuritmoqda. Ayni vaqtda Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan 2023-yil 22-iyundan license.gov.uz tizimi orqali amalga oshirilyapti.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2022-yil 26-oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-maydan boshlab, jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan dori vositalarining narxi “FAIR TECH” yagona axborot tizimida dori vositalarining ulgarji va chakana savdosida narxlarni referent narxlar bilan avtomatik tarzda solishtirish hamda huquqbuzarlikni aniqlash imkoniyati yaratilgan.
Ushbu tizim orqali bir oyda oʻrtacha 352 mingdan ortiq referent narxni buzish holatlari qayd etilgan. Ayrim aniqlangan holatlarda hatto tadbirkorlar 27 baravar miqdorida ustama qoʻllab, dori vositalarini sotganligi aniqlangan.
Majlisda deputatlar aholini sifatli, xavfsiz va bezarar dori vositalari bilan taʼminlash, sifatsiz mahsulotlarni import qilinishini oldini olish, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash uchun javobgarlikni aniq belgilash, xalqaro talablarga javob beradigan sifat tizimini yaratish, mahalliy mahsulotlarni chet el davlatlariga eksport qilinishi uchun keng yoʻl ochib berish lozimligini qayd etdilar.
Parlament soʻroviga yuborilgan javobda berilgan axborotni eʼtirof etish bilan birga, mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish va mavjud qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish kerakligini taʼkidladilar.